Sanitar holatlar uchun maktablarga chora ko‘rilishi to‘g‘rimi?

 Ayrim holatlar borki, chetdan kuzatgan kishiga shunday ko‘rinadi. Chunki muammoga yondashuv odatda bir xil. Yillarki vaziyat o‘zgarmaydi, o‘zgarmayotgani uchun ko‘rilayotgan chora ham...

Yig‘ilishdan iqtibos
Samarqand tuman 2-sektor hududidagi 53-maktabida hojatxona antisanitariya holatida, qo‘l yuvish joyi tashkil etilmagan. 
Jomboy tuman 4-sektor hududidagi 31-maktab hojatxonasidan chiqqanidan so‘ng sharoit qilinmaganligi sababli o‘quvchilar qo‘l yuvmasdan darsga kirmoqda.
Bunday sharoitda bolalar o‘rtasida yuqumli va parazitar kasalliklar kelib chiqmasligiga kim kafolat beradi?
Masala qanchalik jiddiy, bu haqda mutaxassislar gapirgani to‘g‘ri bo‘ladi.
Ammo boshqa nozik jihatlari borki, bunga jamoatchilikning, huquq-tartibot idoralarining e’tibori kerak, bizningcha.

Nega?
Chunki shu kunlarda ayni masala yuzasidan maktablar jarimaga tortilyapti. Javob bersin-da, deyishga shoshilmang.
Javobgarlikdan oldin bir narsaga aniqlik kiritish zarur, nazarimizda. Nega sanitar holat yozda o‘rganilmaydi, jarimaga tortish mantiqsizlik bo‘lib qolmasligigi uchunmi?
Yozda maktabda bolalar bo‘lmasligini “SES”dagilar ham bilgani uchunmi?
Tabiiyki, kuz-qishdagi ahvol aniq - dirillab turgan muallim bechoradan sanitar holatni talab qilish 2 marta mantiqsizlik.
Demak, eng qulay payt ayni kunlar ekanda-a?
Umuman, maqsad ta’lim maskanlarida sanitar holatni joyiga qo‘yishmi yoki shu masala bo‘yicha jarima undirishmi?

Javob izlab ko‘ramiz?
Sog‘lom aql bilan o‘ylab ko‘rilsa, ta’lim maskanlarida sanitar holat yuqori darajada bo‘lishi shart. Zotan, ertamiz egalari kunning katta qismini shu yerda o‘tkazadi.
Lekin maktablarda sanitar holat talab darajasida emasligi uchun nega aynan muallim, mayli, maktab ma’muriyati javob berishi kerak. Axir davlat rahbari “maktab ta’limga javobgar, boshqa ishlar hududiy hokimliklar zimmasidagi vazifa” deb aytmaganmidi?
Shunda sanitar holat uchun ta’lim muassasalari mutasaddilarining javobgarlikka tortilayotgani g‘ayrioddiy (noqonuniy deyishga til bormaydi) bo‘layaptimi?

Tartibga kim chaqiradi?
Bu birgina tuman yoki shaharda kuzatilayotgan holat emas - "xo‘roz hamma joyda bir xil qichqiryapti". Lekin jazo choralari noto‘g‘ri ekanligiga nima uchun ko‘z yumilyapti?
Adliya idoralari bizga huquqlari buzilgani uchun muallimlar murojaat qilmagan, deb o‘zini chetga olishi mumkin.
Xo‘sh, prokuratura organlari-chi, ular ham bu holdan bexabarmi?
Savol shundaki, maktablarda sanitar holat ta’minlanmagani uchun "RayONO" yoki "GorONO" lar javob berishi kerak emasmi?
Modomiki, ular bu masalaga javob berishmas ekan, ushbu idoralarning ta’lim tashkilotlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘limlari nima uchun tuzilgan?

Jarima qayga ketadi?
Aytishlaricha, sanitar holat yomonligi uchun maktablar bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarimaga tortilayotgan ekan. Sanoqli ta’lim maskanlarida standart hojatxona borligini hisobga olsak, "o‘rmonga o‘t ketib, ho‘lu-quruq baravar yonayotganini" tushunish qiyin emas.
Demak, o‘rtacha 1,5 million so‘mdan hisoblanganda ham bitta tumanda anchagina mablag‘ to‘planadi.
Oxirgi savol, aslida o‘zi bajarishi kerak bo‘lgan ishni qilmagani uchun maktablar to‘layotgan jarima summalarini tuman va shahar hokimlari (byudjeti)ga tushadimi?

Buvimning maqoli
Rahmatli katta enam (zap dono kampir bo‘lgan-da) "Yetimni 7 ko‘tarib uradi Xudo, keyin yetim qiladi Xudo", derdi.
Maqolni muallimlarga ham qo‘llash mumkin. Ko‘tarib urilaverib, joni toshdan bo‘lib ketgan ustozlar bu jarimani ham to‘layveradi. Butun boshli jamoaga qanchadan tushardi, deb.
Mayli, oxiri baxayr bo‘lsin, omon bo‘lsak ko‘raveramiz (enam har gapida shunday derdi).

Yo.GADOYeV.