Samarqanddagi quyosh elektrostansiyasini qurishni kanadaliklar davom ettiradi
2016 yilda O‘zbekistondagi birinchi yirik quyosh elektrostansiyasini qurish bo‘yicha tenderni yutib olgan Xitoyning Zhuhai Singyes Green Building Technology kompaniyasiga eskirgan texnologiyalar tufayli qurilish boshlashga ruxsat berilmagan.
- «Xitoy kompaniyasi tomonidan taklif etilgan zamonaviy, yuqori texnologik uskuna va qurilmalar o‘rniga texnik ko‘rsatkichlariga ko‘ra eskirib ketgan texnologiyalar sababli Xitoy kompaniyasiga rad javobi berilgandi, - deydi «O‘zbekenergo» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ruslan Mubarakshin.
2016 yil 27 oktyabrda idoralararo tender komissiyasi Past Darg‘om tumanida quvvati 100 MVtli quyosh elektr stansiyasini loyihalashtirish, qurish va foydalanish bo‘yicha Xitoy kompaniyasini bosh pudratchi deb tanlagandi. 2018 yilda O‘zbekiston dastlabki qiymati 275 mln. dollar bo‘lgan loyihani amalga oshirishni to‘xtatib qo‘ydi.
O‘tgan yili Kanadaning SkyPower Global kompaniyasi umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurish uchun 1,3 mlrd. dollar investitsiya kiritishi ma’lum bo‘lgach, Samarqanddagi mazkur qurilish maydoni xorijiy investorga topshirildi.
SkyPower Global bilan hamkorlik kreditlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish modeli asosiga qurilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya O‘zbekiston hududida o‘z izlanishlarini o‘tkazadi.
Loyiha ishga tushgach, O‘zbekistondagi barcha energiya manbalari ishlab chiqarayotgan quvvatning taxminan 10 foizi ishlab chiqariladi.