Samarqanddagi teatr jamoalariga avtobus sovg‘a qilindi

Samarqand viloyat hokimligi tashabbusi bilan viloyatda faoliyat yuritayotgan teatr jamoalariga "Isuzu" avtobuslari sovg‘a qilindi.

Samarqand viloyat musiqali drama teatri qarshisida tashkil etilgan tantanali tadbirda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari mamlakatimizda teatr san’atini ravnaq toptirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar aholi, ayniqsa yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularni mustaqil va sog‘lom tafakkur sohibi bo‘lib kamolga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng viloyatdagi mavjud to‘rtta teatr jamoasi rahbarlariga avtobus kalitlari topshirildi.

Tadbir davomida, shuningdek, Samarqand viloyat musiqali drama teatri faoliyati bilan tanishib, bu yerda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga zarur topshiriqlar berildi.

– Jamoamiz bilan gastrol safarlarida ko‘p bo‘lamiz, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri direktori Otabek Mardonov. – Bunda yangi avtobusning xizmati alohida. 2002 yilda berilgan avtobusimiz bor, ammo ta’mirtalab. Oqibatda ancha qiyinchilikka duch kelardik. Endi nafaqat qo‘shni tumanlar, balki qo‘shni viloyatlarga ham bemalol gastrol safarlari uyushtirib, ko‘chma spektallar namoyish etish imkoniyatimiz kengaydi.

Baxtiyor MUSTANOV.