Samarqanddagi xususiy korxona uchun gaz ballonlari yetkazib bermagan MChJga penya belgilandi
Bu borada O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan.
Murojaatda javobgar «Maxsus metall sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 46 million 395 ming 600 so‘m asosiy qarz va 4 million 639 ming 560 so‘m penya undirishni, undiruv esa javobgarning likvidli mol-mulklariga qaratish so‘ralgan. Sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilingan javobgar sud majlisida vakil ishtirokini ta’minlamadi.
Ishdagi hujjatlarni o‘rganib chiqib, da’vogar vakilining ko‘rsatmalarini tinglab, sud quyidagilarga ko‘ra, da’voni qanoatlantirishni lozim, deb topdi.
Aniqlanishicha, 2019 yil 22 fevralda «Maxsus metall sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyati va «Ehtiyot qism savdo MTP» xususiy korxonasi o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasi imzolangan.
Shunga asosan «xaridor» «sotuvchi»ning hisob raqamiga mahsulot haqini 100 foiz oldindan 60 kun mobaynida o‘tkazib bergan. Biroq «sotuvchi» mahsulot (yuqori bosimli temir gaz ballonlar) yetkazib berishni kechiktirib kelgan.
Taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomaning 5.2-bandiga ko‘ra, «sotuvchi» mahsulotni belgilangan muddat ichida «xaridor»ga yetkazmagan taqdirda yetkazilmagan mahsulotning qiymatidan har bir kechiktirilgan kun uchun 1 foiz, biroq yetkazilmagan mahsulot qiymatining 10 foizidan oshmagan miqdorda penya to‘lashi belgilangan.
Aslida Fuqarolik kodeksining 263-moddasiga ko‘ra, neustoyka to‘lash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qat’i nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoyka (qonuniy neustoyka)ni to‘lashni talab qilishga haqli.
Sud da’vo talablarini qanoatlantirishga qaror qildi. Ya’ni, javobgar «Maxsus metall sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan da’vogar «Ehtiyot qism savdo MTP» xususiy korxonasi foydasiga 46 million 395 ming 600 so‘m asosiy qarz, 4 million 639 ming 560 so‘m penya undirilishi belgilandi.
Shuningdek, «Maxsus metall sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan respublika byudjeti, sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 1 million 20 ming 703 so‘m davlat boji hamda 17 ming 840 so‘m pochta xarajatlari undiriladigan bo‘ldi.
O‘ktam MURADOV,
Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.