Samarqanddagi yana bir necha yo‘nalishda Xitoydan olib kelingan avtobuslar qatnovi boshlandi

Yaqinda “Maroqand trans 777” MChJ tomonidan olib kelingan “King Long” rusumli zamonaviy avtobuslar Samarqand shahridagi ayrim yo‘nalishlarda harakatlana boshlanganligi haqida xabar berilgan edi. Yangi, 70-raqamli “Sartepa massivi-O‘rmon xo‘jaligi” yo‘nalishli 10 ta avtobus Sartepa maskanidan boshlab shaharning Turkiston, Amir Temur, Buyuk Ipak yo‘li, Mirzo Ulug‘bek, Gagarin, Navoiy shoh, Chuqur yo‘l (Kurchatov), Rudakiy, Shohi Zinda, Usta Umar Jo‘raqulov, Zarafshon shoh, M-37 avtomobil yo‘li (Katta o‘zbek trakti) orqali viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasigacha keladi va yo‘nalishni yakunlaydi. Mazkur yo‘nalishning qatnovi masofasi 16.6 kilometrni tashkil etadi. Sartepa maskaniga qaytishda esa Afrosiyob, Ibn Sino hamda Imom al-Buxoriy ko‘chalari orqali Rudakiy nomli ko‘chaga qaytib yana o‘z yo‘nalishida davom etttiradi.

Shuningdek, shaharda Sadriddin Ayniy nomli ko‘chada yana bir yo‘nalish ochildi. “Simetra” xorijiy kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan transport master rejasiga asosan M15-raqamli “Temiryo‘l vokzali - Shodiyona savdo majmuasi” (aylanma) shahar avtobus yo‘nalishi Temiryo‘l vokzalidan boshlanib, Rudakiy, Gagarin, Mirzo Ulug‘bek, Bo‘stonsaroy, Universitet xiyoboni, Namozgoh, Sadriddin Ayniy, Shabod, Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasiga chiqadi va Shohi Zinda, Dahbed, Registon, Universitet xiyoboni, Shohruh Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Gagarin, Rudakiy ko‘chalari orqali Temiryo‘l vokzalida harakatini yakunlaydi.

Mazkur yo‘nalishda ham 7 ta zamonaviy, elektron to‘lov tizimi mavjud bo‘lgan avtobuslar 14 daqiqalik interval asosida harakatlanadi.

Shahrimizda yangi-yangi yo‘nalishlarning paydo bo‘lgani yaxshi albatta, biroq, jamoat transportlarida yo‘nalishlarning nomlarini yozishda ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Jumladan, “Sattepo-O‘rmon xo‘jaligi” yo‘nalishidagi avtobuslarda Davlat tili qonunlariga amal qilinmagan holda joy nomi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Aslida “Sartepa-viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi” yo‘nalishi tarzida bo‘lishi kerak. Buni mutasaddilar e’tiborga olishadi, deb o‘ylaymiz. 

Dilmurod TO‘XTAYeV.