Samarqanddan poytaxtgacha: Registonga kelgan samarqandliklar, laylaklar maskani, yasharayotgan Toshkent
Xorijdagi tanish-bilishlar bizda bayram ko‘p, shu tufayli dam olish kunlariyam uzayib ketadi, desa hayron qolardim. Nega ular bunchalik dam olishga ko‘p e’tibor berarkan, vaholanki u davlatlarda odamlar «Vaqt tig‘iz, mudom harakatda bo‘lmasang, yashashga qiynalasan», degan prinsip bilan yashaydi-ku. Dam olish kunlari ular albatta oilaviy sayohatga yoki biror joyda sayr qilishni odat qilishgan.
To‘g‘risi, keyingi yillarda mamlakatimizda ham bayramlar munosabati bilan dam olish kunlari uzaygani avvaliga ko‘pchilikka yoqmaganday bo‘ldi. Nazarimda, hozir vaziyat ancha o‘zgardi.
Registonni ilk bor ko‘rayotgan samarqandliklar bor
Buni bayram munosabati bilan birgina Samarqandga kelayotgan yurtdoshlarimiz soni yildan yilga oshayotganidan ham bilsa bo‘ladi. Shu yil boshida Registon majmuasi gidlari bilan suhbatlashganimda, ular qiziq fikrni aytishgandi. "Registonga mahalliy sayyohlar tashrifi ortgani rost. Hatto Samarqandda, tumanlarda yashab Registonni ko‘rmaganlar juda ko‘p ekanligiga guvoh bo‘ldim. Bayram munosabati bilan berilgan dam olishlar aholida sayyohlikka ko‘nikmasini shakllantirdi. Odamlar ota onasi, oilasi, yaqinlarini tarixiy shaharlarga aylantirishga odatlanishdi. Bu- inson ruhiyatiga, oilaviy munosabatlar, qolaversa, ishchanlikka ham yaxshi ta’sir ko‘rsatadi", deya fikr bildirgandi.
Poytaxt yasharmoqda
O‘zim Mustaqilligimiz bayramidagi dam olish kunlarida Toshkent shahrida bo‘ldim. To‘g‘risi, azim poytaxtimizdagi o‘zgarishlar kishini quvontirmay qolmaydi. Bundan bir necha yil avval poytaxtimizda sanoqli dam olish maskanlari bor edi. Borlariyam viloyatimiz darajasidagi, borib ko‘rishga ko‘pam arzimaydigan maskanlar edi. Bugun ularning soni keskin ortgan. Kishi istagiga qarab hordiq chiqarishi mumkin. Bu nafaqat bolalar, balki katta yoshlilarni ham xursand qiladi. Xorijdagi tanish oilalar aytgan aksariyat attraksionlar, ko‘ngilochar maskanlar bugun poytaxtimizning qator bog‘lariga ko‘rk qo‘shib turibdi.
E’tiborli tomoni, ularning barchasi gavjum. Turli viloyatlardan kelgan oilalar, bolalarning quvonchli hayqiriqlari kishiga zavq beradi.
Jurnalistlik sindromimi, ishqilib, qiziquvchanligim bois odamlar bilan tez muloqotga kirishaman.
- Toshkentning qaysi maskaniga bormay, chiroyli manzara, did bilan qad ko‘targan bog‘lar bahri-dilingni ochadi, - deydi buxorolik Mukarram Xoliqova. - Har yili bolalarim bilan dam olib ketamiz. Menga ayniqsa, bu yerdagi tartib juda ma’qul. Navbatlar ham, odamlarning muomala madaniyati ham hammasi joyida. Yangi bog‘lardagi go‘zalliklarni-ku, aytmasam ham bo‘ladi. Biz bolaligimizda nafaqat poytaxt, balki viloyat markazimizdagi boqqa ham ahyon-ahyonda borardik. Hozir bolalar baxtli, deb o‘ylayman.
Laylaklar - tinchlik ramzi
Darvoqe, Samarqanddan Toshkentga mashinada borarkanman, yo‘l-yo‘lakay o‘zgarishlar ham diqqatimni tortdi. Deylik, bir paytlar oddiygina hojatxona ham yo‘lovchilar uchun muammo edi. Hozir bu haqda gapirish ham shartmas. Ammo turizm rivojida aytish kerakki, katta trassalarda ham sayyohlarni yo‘l-yo‘lakay, Samarqandga kelgunicha, qiziqtirib keladigan maskanlarni bunyod etish mumkin.
Deylik, Jizzax viloyati. Bu yerda turizmning elementlari juda ko‘p. Yaxshi bilasiz, Jizzax somsasi bilan yaxshigina mashhur. Ushbu somsa tayyorlanishi bilan bog‘liq jarayonlar sayyohlarga namoyish etilsa, nazarimda ko‘pchilikka qiziq bo‘ladi.
Keyingi viloyat – Sirdaryo. Ko‘pchiligimiz Sirdaryo hududida laylaklar ko‘p ekanligiga guvoh bo‘lganmiz. Shu hududlarning birida laylaklar ramziga xos bo‘lgan biror maskan ochilsa, yaxshi bo‘lardi, nazarimda. Misol uchun, laylak uyasi uslubidagi qahvaxona bo‘lsa-yu, u yerda viloyatda laylaklar ko‘pligi sabablari haqida tushuntiradigan hujjatli film doim namoyish etilsa.
Qolaversa, ushbu ikki viloyat poliz ekinlari bilan mashhur. Qovun-tarvuzlarning o‘ziga xos ko‘rgazmasi doimiy namoyish etiladigan kichik bo‘lsa-da zamonaviy maskan tashkil etilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Shunda ehtimol, xorijlik sayyohlar ham Toshkentdan Samarqandga chipta topish qiyin bo‘lgan "Afrosiyob"da emas, yo‘l mashinalarida kelishni ixtiyor etarmidi?
Otalar mehrini ko‘rdim
Sayohat davomida yana bir jihat e’tiborimni tortdi. Ko‘pchilik otalar bolalariga ancha e’tiborli bo‘lganiga, ularning mayda injiqliklariga ham o‘zlari turib berayotganiga guvoh bo‘ldim. Atrofimdagilar ham bu fikrimni tasdiqlashdi. Bolasi sal yig‘lasa, onasiga "ol, buningga qara", deb emas, o‘zlari farzandi bilan til topishayotgan otalarni ko‘rish, ularning ko‘payayotgani kishiga taskin beradi. Ehtimol, bu ham bayram kunlari dam olishlarning ko‘payib, ularning oilasiga ko‘proq vaqt sarflayotgani natijasidir. Ehtimol, boshqa sabablar ham bordir.
Ammo shaxsan o‘zim dam olish kunlari nafaqat chiroyli maskanlar, balki uzoq yillardan beri ko‘rmagan qarindoshlarimiz bilan ko‘rishib, diydorlashganimdan ko‘proq zavq oldim. Yana bir karra amin bo‘ldikki, qarindoshlar diydori ham kishiga kuch, ishonch berarkan. Mehr rishtalarini mustahkamroq bog‘larkan. Ota-onamizning yaqinlari bilan suhbat ham ularning ko‘ngliga yaqinlik, ularni xursandchiligiga sabab bo‘larkan.
Shunday, dam olishni shunchaki o‘tkazmang, bir yaqiningizni yaxshi so‘z bilan yo‘qlab borish ham baxt ekan, aslida.
Bayram munosabati bilan dam olish kunlari uzayayotgani sababini tushunganday bo‘ldim. Telefonu, kompyuter klavishlari aro kechayotgan bugungi shiddatli davr mehr nomli tuyg‘uni tansiq ne’matga aylantirib qo‘ygani rost. Ulardan dam olish kunlari batamom qutulib, atrofga, odamlarga, yaqinlaringga ko‘proq vaqt sarflash imkoni bor. Shu imkon bizning asosiy kuchimiz manbai bo‘lsa ajabmas.
Gulruh Mo‘minova.