Samarqandga 8 oyda 114 ta davlatdan 140 ming nafardan ortiq xorijiy sayyoh kelgan: Aeroportda sharoitlar shunga mosmi?

Samarqandga keluvchi sayyohlarning asosiy qismi aeroport xizmatlaridan foydalanadi. Xo‘sh, azim kentning zamonaviy aeroporti bu ishonchni oqlay olyaptimi? Sayyohlar asosan nimadan norozi? Qanday loyihalar amalga oshirilyapti? Nimalar hali ham yo‘q?

“Samarqand” xalqaro aeroportida viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida ayni savollarga javob berildi.

Dilshod Narziqulov, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari:

– Albatta, Samarqand aeroportining zamonaviy ko‘rinishi hech kimni bee’tibor qoldirmaydi. Lekin unda ko‘rsatilayotgan xizmatlar ham zamon talabidan ortda qolmasligi kerak. Ayni yo‘nalishda aeroport ma’muriyati bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Tez orada bu yerda Turizm markazi hamda yengil avtotransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish xizmati – “RENT CAR” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Hududda mehmonxona va boshqa dam olish maskanlarini ko‘paytirish choralari ko‘rilyapti.

Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan vaqtida viloyatimizga 114 ta davlatdan 140 ming nafardan ortiq xorijiy va 1 milliondan ortiq mahalliy sayyoh kelgan. Ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida o‘tgan besh oyda 14 ta yangi mehmonxona, 28 ta mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tur-operatorlar soni 10 taga oshgan.

— Aeroportda yo‘lovchilar tomonidan eng ko‘p e’tiroz bildirilgan ikki holat – hujjatlarni rasmiylashtirishdagi uzun navbat hamda yuklarni nazoratdan o‘tkazishdagi ovoragarchiliklarga barham berildi, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Fayzullayev. – Ayni maqsadda aeroport terminalida respublikamizda birinchilardan bo‘lib “bojxonachisiz nazorat” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni, endi yo‘lovchilar terminalda bojxona xizmatchilari bilan bevosita muloqotga kirishmaydi, hatto ularning borligini sezishmaydi ham. Nazorat tadbirlari masofadan, aqlli kuzatuv kameralari orqali amalga oshiriladi. Bu ularning vaqtini tejashga va eng asosiysi, jarayonning asabbuzarliksiz o‘tishiga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: joriy yilning o‘tgan vaqtida aeroport chegara bojxona posti orqali 1219 ta aviareys amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 456 taga yoki 61,2 foizga ko‘p. Mazkur reyslarda 160 ming nafarga yaqin yo‘lovchi harakatlangan.

Tadbirda “Samarqand” xalqaro aeroporti hamda “Air Marakanda” aviakompaniyasi vakillari ham ishtirok etib, jurnalistlarga aeroport va unda ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida ma’lumot berdi. Jarayonda ishtirokchilar chegara bojxona xizmati, nazorat qurilmalari faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tadbirning savol-javob qismi ham jonli o‘tdi. Xususan, unda nega aeroportda bepul Wi-fi yo‘qligi, ovqatlanish shoxobchalari yopiqligi masalasi ko‘pchilikni qiziqtirdi. Ammo shu va boshqa bunga o‘xshash savollarning aksariyatiga aeroport mas’ullaridan “Bu masalada ishlayapmiz, tez orada hal qilamiz” qabilida javob oldik. Sayyohlarga eng oddiy, ammo zarur hisoblangan xizmatlar ko‘rsatilmasa, qulaylik haqida gapirishga hojat yo‘q. O‘ylaymizki, aeroportdagi bu kamchiliklar ham tez orada yechim topadi.

Asqar BAROTOV.