Samarqandga xalqaro hunarmandlar shahri maqomini berish taklif etildi
Samarqand shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Boburmirzo Obloqulov Jahon hunarmandlar kengashi (WCC)ning Osiyo - Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prezidenti Gada Kaddumi bilan uchrashdi.
Samarqand shahar hokimligida o‘tkazilgan suhbatda qadimiy kentda hunarmandchilikni rivojlantirish va bu sohani yanada boyitish, buning uchun xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash haqida so‘z bordi. Yuqori martabali mehmon Samarqand shahrini “Xalqaro hunarmandlar shahri” ro‘yxatiga kiritish taklifini aytdi.
– Samarqandning tarixiy obidalari, noni va, albatta, hunarmandchiligi haqida juda ko‘p iliq gaplarni eshitgandim, – deydi Gada Xijavi Kaddumi. – Ammo bugun shahardagi tarixiy yodgorlik va hunarmandchilik mahsulotlari bilan tanishib, tasavvurim yanada ortdi, ruhlandim. Bu yerga meni chorlagan narsalardan biri ham aynan o‘zbek hunarmandchiligi edi. Ya’ni Samarqand shahriga “Xalqaro hunarmandlar shahri” maqomini berish lozim. O‘ylaymanki, samarqandlik mutasaddilar taklifimizni qo‘llaydi va o‘ttizdan ortiq shunday davlatlar qatoriga kirish bo‘yicha roziliklarini bildiradi.
Tadbir yakunida “Xalqaro hunarmandlar shahri” maqomini olgan shaharlarga beriladigan imkoniyatlar haqida fikr-mulohazalar bildirildi va hamkorlik aloqalari bo‘yicha kelishib olindi.