Samarqandlik 12 nafar urush qatnashchisiga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi

Markaziy harbiy okrugga qarashli Samarqand garnizoni harbiy xizmatchilari hamda MK “Vatanparvar” tashkiloti Samarqand viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda Samarqand shahridagi Ikkinchi jahon urush qatnashchilari holidan xabar olindi.

9 may - Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Samarqand garnizoni harbiy xizmatchilari hamda boshlang‘ich harbiy mutaxassislikka yo‘naltiruvchi ta’lim maskani xodimlari bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy va xayriya tadbiri tashkil etildi.

Tashrif davomida qariyb bir asr umr ko‘rgan keksa avlod vakillari bilan dildan suhbat qurildi. Suhbatda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada o‘zbek xalqining hissasi, front ortidagi zahmatli turmush, bugungi dorilamon kunlar mas’uliyati haqida so‘z bordi.

Harbiy qism tibbiy punkti mutaxassislari tomonidan urush qatnashchilarining sog‘lig‘i tekshirildi. Shuningdek, xonadonlar dizenfeksiya qilinib, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.