Samarqandlik talabalar yo‘qolgan buyumlarni egasiga qaytarishda xizmat qiluvchi dasturiy ilova yaratdi

Joriy yilning 13-15 dekabr kunlari Toshkentdagi Turin politexnika universitetida “Open Data Challenge” tanlovi bo‘lib o‘tdi. Yurtimizda har yili ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkaziladigan ushbu tanlov bu yil har yilgidan boshqacha uyushtirildi.

Unda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali talabalari Dilshod Xalilov, Farruh Hamroqulov va Ulug‘bek Eshonqulovlar tomonidan tuzilgan “Terrabayt Pro” jamoasi “Ijtimoiy sektor va biznes uchun ochiq ma’lumotlar” yo‘nalishiga doir “FoundLost” loyihasi bilan ishtirok etib, 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

“Terrabayt Pro” jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan “FoundLost” dasturiy ilovasi yo‘qolgan buyumlarni o‘z egasiga qaytarishda xizmat qiladi. Bu ilova biror narsani yo‘qotgan va uni topib olgan kishi bilan o‘zaro bog‘lanish imkoniyatini beradi.

“FoundLost” dasturiy ilovasi kundalik hayotimizda ko‘p uchraydigan muammolarda, ya’ni yo‘qolgan buyumlarni o‘z egasiga qaytarishda bir qancha qulayliklarni yaratib berishi kutilmoqda.

“Open Data Challenge” tanlovining asosiy maqsadi dasturiy ta’minotni ishlab chiqaruvchilarning professional hamjamiyatini rivojlantirish, davlat va mahalliy hokimiyat organlari vakillarining, shuningdek, turli sohadagi tanlov ishtirokchilarining tegishli ko‘nikmalarini shakllantirish, ochiq ma’lumotlar sohasida davlat va mahalliy hokimiyat organlarining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishdan iborat. Tanlov jarayonida qatnashchilar ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda aniq raqamli yechimlarni ishlab chiqa olishlari lozim.

TATU Samarqand filiali axborot xizmati.