Samarqandning boy tarixiy merosi ShHT sammiti fonida yangi to‘lqinga ega bo‘lmoqda

15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahri yirik siyosiy xalqaro tadbir – ShHTning navbatdagi sammitiga mezbonlik qiladi. 

Mazkur Sammit va umuman, ShHT faoliyatida O‘zbekistonning ishtiroki xususida quyidagi muhim jihatlarni ko‘rsatish lozim.

Birinchidan, ShHT sammitining aynan Samarqandda o‘tkazilishi chuqur ramziy ma’noga ega. Ma’lumki, Samarqand o‘rta asrlardayoq ilm-fan, ta’lim, san’at va madaniyat o‘chog‘i, savdo-iqtisodiy aloqalarning muhim kesishgan nuqtasi bo‘lgan. Yana bir diqqatga sazovor jihat. Samarqandda o‘sha davrda o‘rta asrlarga xos bo‘lmagan noyob arxitektura namunalari bunyod etilgan. Shu bilan birga, ushbu shahar ko‘plab tarixiy jarayonlar, yirik ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga guvoh bo‘lgan. Shu ma’noda aytish mumkinki, Samarqandning boy tarixiy merosi bugun ShHT sammiti fonida yangi to‘lqinga ega bo‘lmoqda. Va u ShHTning asosiy qadriyatlari, tamoyillariga to‘la mos keladi. Ya’ni, o‘zaro manfaat, teng huquqlilik, tashkilotga a’zo-davlatlar madaniyatlarining turlichaligi va unga nisbatan hurmatning mavjudligi.

2001 yilda YuNESKO tomonidan Samarqandning butunjahon meros ob’yekti va madaniyat chorrahasi deya e’lon qilinishi ham mazkur shaharga bo‘lgan yuqori e’tirofdir.

Bundan tashqari, AQShning yirik ommabop internet nashrlaridan biri bo‘lgan “The Huffington Post” Samarqandni sayohat uchun borish kerak bo‘lgan dunyoning 50 ta shahari qatoriga kiritgan.

Ikkinchidan, Samarqand sammiti ShHTning uchinchi o‘n yillikka qadam qo‘yishini boshlab berishi bilan ham ahamiyatlidir. Ma’lumki, O‘zbekiston ushbu yirik tashkilotning asoschilaridan, muassislaridan biri hisoblanadi. O‘tgan tarixan qisqa vaqt mobaynida ShHT global dunyoda o‘zining “profili”ni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Tashkilot xalqaro munosabatlar tizimida, jahon hamjamiyatida o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘ldi. 

ShHT tashkil qilingan 2001 yilda kun tartibidagi asosiy masalalardan biri xavfsizlik edi. Bugungi kunga kelib, tashkilot faoliyatida qamrab olinmagan biron-bir vazifani topish qiyin. Bu siyosat, iqtisodiyot, tibbiyot, transport, savdo, madaniyat, fan-ta’lim, madaniy-gumanitar aloqalar va hokazo. Bu ham bo‘lsa tashkilot ko‘lami va miqyosi kundan-kunga ortib borayotganidan dalolat. 

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, ShHTga a’zo-davlatlar hududi 34 mln km. kv.. Yevroosiyo hududining 60 foizini tashkil qiladi. A’zo davlatlarda dunyo aholisining deyarli yarmi ( 3.4 milliard) istiqomat qiladi. Umumiy YaMM hajmi esa jahon iqtisodiyotining qariyb to‘rtdan birini – 22 foizni tashkil qiladi.

Eng muhimi, O‘zbekiston qandaydir periferiyadagi davlat sifatida emas, balki bu jarayonlarning faol ishtirokchisi, tashabbuskori sifatida gavdalanmoqda. Bunda shubhasiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘rni beqiyos. Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tashkilotning 2020 yildagi sammitidagi nutqida bildirgan muhim fikrni, ta’bir joiz bo‘lsa, “chaqiruv”ni keltirib o‘tish lozim. Ya’ni, “agar har birimiz kuchli bo‘lsakkina ShHT ham kuchli bo‘ladi”.

ShHTning amaldagi Bosh kotibi Chjan Min fikricha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu fikri O‘zbekistonning tashkilotdagi faoliyati va konstruktiv pozitsiyasini to‘la ochib beradi.

Uchinchidan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tomonidan tashkilot doirasida ko‘plab muhim taklif, tashabbuslar ilgari surildi. Shu o‘rinda men muhim bir jihatga e’tibor qaratish lozim, deb hisoblayman. O‘zbekistonda ShHTga raislik qilgan o‘tgan bir yil davomida katta ko‘lamdagi ishlar amalga oshirildi. Ya’ni, faqatgina Sammitni o‘tkazishga tayyorgarlik bilan cheklanib qolinmadi. Bir yil davomida turli soha va yo‘nalishlarda ko‘plab uchrashuvlar tashkil qilindi. Bu festivallar, san’at va madaniyat vakillarining uchrashuvlari, turizm sohasidagi tadbirlar, sport musobaqalari va yana qator vazirlik va idoralar rahbarlarining uchrashuvlarini o‘z ichiga oladi. Butun yil davomida “Shanxay ruhi” mamlakatimizda bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

To‘rtinchidan, ma’lumki, Toshkentda ShHTning muhim 2 ta bo‘g‘ini, ramziy ma’nodagi qanoti bo‘lgan – Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va Xalq diplomatiyasi markazi faoliyat yuritadi. Bejizga bu ikkala tuzilmani muhim demayapman, sababi, ularning faoliyati o‘zaro to‘ldiruvchan va uzviy bog‘liq. Yanada aniqroq aytganda, xavfsizlik ta’minlanmagan joyda xalqlarning o‘zaro hamkorligi, aloqalari risoladagidek bo‘lmaydi. O‘z navbatida, xalqlar o‘zaro yaqinlashsa, madaniy-gumanitar aloqalar rivojlansa muayyan makonda keskinlik holati yuzaga kelmaydi. Shu nuqtai nazardan, mazkur tuzilmalarning O‘zbekistonda joylashganligi mamlakatimizning tashkilotdagi o‘rni va nufuzi yuqoridaligidan dalolat beradi.

Beshinchidan, Samarqand sammitida biz ShHTning tarixiy jarayonlariga guvohi bo‘lishimiz. Bu nafaqat tashkilotning geografik jihatdan kengayishi bilan bog‘liq, balki madaniy-gumanitar, savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi bilan bog‘liq.

Umuman olganda, Samarqand sammiti ShHTning tarixiy solnomasidan muhim o‘rin egallaydi va shubhasiz, tashkilot faoliyatining yangi rivojlanish bosqichiga o‘tishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Abror YuSUPOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i,

Siyosiy fanlar doktori (PhD).

O‘zA