SamDChTIda fransuz tilini o‘rgatish hamda DALF-DELF testlariga tayyorlash bo‘yicha markaz ochiladi

Bu haqda institut axborot xizmati ma’lum qildi.

Bugungi kunda xorijiy tillarni o‘qitish, til bilish darajasini beruvchi testlarga tayyorlash va testlarni tashkil etishga talab ortib bormoqda. Shu bois Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy tillarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, 24 aprel kuni institut hamda Toshkent Fransuz Alyansi mas’ullari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumga ko‘ra, kecha, 24 aprel kuni Samarqandda birinchi marta DALF-DELF testlari o‘tkazildi.

Shuningdek, kelgusida Samarqand davlat chet tillar institutida Toshkent Fransuz Alyansining markazini tashkil etish borasida rejalar belgilab olindi. Markazda fransuz tilini o‘rgatish hamda DALF-DELF testlariga tayyorlash bo‘yicha kurslar tashkil etiladi. Tomonlar yaqin kelajakda ushbu rejani amalga oshirishga kelishib olishdi.