SamDChTIda ishlashni xohlovchi talabalarga qanday imkoniyatlar taklif etilmoqda?

Samarqand davlat chet tillar institutida 843 nafar talaba ishga muhtoj ekanligini ma’lum qilgan. Xo‘sh, ular qay tartibda ishga joylanadi? Qayerlarda ishlashadi? Oliygohning o‘zida ham ish o‘rinlari bormi? Repetitorlik qilishni istagan talabalarga qanday yordam ko‘rsatiladi? Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda talabalarni ishga joylash ham ko‘zda tutilganmi? Institut rektori Ilhomjon To‘xtasinovning ushbu maqolasida shu savollarga javob berilgan.

Shu yil 4 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari tomonidan oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Jumladan, bizga har bir talaba bilan shaxsan uchrashishimiz, ularning haqiqiy holatini bilib, talabalarning oilaviy ahvoli, sharoiti, qanday o‘qiyapti, muammolari va takliflari, xullas, barchasidan xabardor bo‘lgan holda ushbu masalaga shaxsan mas’ul bo‘lishimiz kerakligini alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, oliygohlardagi bo‘sh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratish orqali ularda pullik kurslar, to‘garaklar va boshqa xizmatlar hamda ishlab chiqarishni tashkil etish orqali ish o‘rinlari yaratish, oliygohlarning yo‘nalishiga qarab, aholi va tadbirkorlarga pullik xizmatlar ko‘rsatishni joriy etib, talabalarga qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini yaratishimiz shartligini qayd etildi.

Vazifalardan kelib chiqib, ishga muhtoj talabalarni aniqlash va ularni ishga joylashtirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikda ish olib borish, institutdagi til o‘qitish markazlari, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini kengaytirish orqali bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish kabi chora-tadbirlar belgilangan yo‘l xaritamizni belgilab oldik.

Jumladan, institutda talabalarning bandligi va yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda hamkor tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlarini aniqlash kabi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi Bandlik markazi, ya’ni Kovorking markazi tashkil etildi.
Bandlik markazining fakultetlararo o‘tkazgan so‘rovnoma xolasalariga ko‘ra, institutda tahsil olayotgan talabalarning 843 nafari ishga muhtoj ekanligi aniqlandi va hozirda ishchi guruh ishtirokida ular bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

200 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj talabamizni institutimizdagi bo‘sh ish o‘rinlariga, o‘quv markazlari va til o‘qitish markazlariga hamda umumta’lim muassasalari, shuningdek, hamkorlikda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tadbirkorlik sub’yektlaridagi mavjud ish o‘rinlariga ishga joylashtirdik.

Talabalarimizni ish bilan ta’minlash jarayonlari davom ettirgan holda qolgan 643 nafar ishga muhtoj talabalarimizning ish bilan ta’minlanishi borasida o‘z oldimizga rejalarimizni belgilab olganmiz.

Xususan, institut qoshida “Smart English”, “IELTS” o‘quv markazlari, mintaqaviy til o‘rgatish markazi, Narpay, Payariq tumanlaridagi filiallarimiz faoliyat yuritib kelmoqda. Xorijiy tillarni o‘rgatish uchun yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega hamda xorijiy tillar bo‘yicha til bilish darajasi kamida B2 va C1 bo‘lgan talabalarimizni pedagogik faoliyatga jalb etgan holda 150 nafarini ish bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz.

Viloyatimizda xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘quv markazlari sonini oshirish va faoliyat olib borayotgan o‘quv markazlar hamda yangi tashkil etiladigan o‘quv markazlari va IT parklariga institutning xorijiy tillar bo‘yicha til bilish darajasi kamida B2 yoki C1 bo‘lgan talabalarni jalb qilish orqali 170 nafar talabalarimizni ish bilan bandligi ta’minlaymiz.

Repititorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan talabalar sonini oshirish va ularga institutda darsdan tashqari holatlarda bo‘sh turgan auditoriyalardan foydalanish imkoniyatini berish orqali 60 nafar talabani ishga jalb qilamiz.
Bo‘sh xonalarni talabalarga pullik o‘quv kurslari va to‘garaklar, jumladan, IT, sport, tikuvchilik, xizmat ko‘rsatish kurslari tashkil etishlari uchun berish orqali 40 nafar talabamizni band qilamiz.

Institutimizning o‘zidagi bo‘sh ish o‘rinlarini talabalar hisobidan to‘ldirish: bunda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan barcha kursdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talabalar orasidan saralab olish orqali 30 nafar talabalarimizni ish bilan ta’minlaymiz.

Talabalarni startap va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarga jalb qilish, viloyat hokimligi va turizmni rivojlantirish departamenti hamda madaniy meros agentliklariga tarjimonlik xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha mavsumiy ish bilan ta’minlash orqali 47 nafar talabani ishga joylashtiramiz.

Institutning bo‘sh turgan rivojlantirish jamg‘armasidagi mablag‘laridan talabalarning yangi tadbirkorlik rejasini, startap va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga qisqa, o‘rta va uzoq muddatli kreditlar berib, 70 nafar talabamizning bandligiga erishamiz.

Bundan tashqari, karera markazlari, qurilish otryadlari va institutda mavjud bog‘bonlik, posbonlik, yotoqxona xizmatlariga jalb qilish orqali 76 nafar talaba ishli bo‘ladi.

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda institutda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi hamda karera kunlari har haftada o‘tkazilmoqda.
Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida mintaqada yetakchi bo‘lib kelmoqda.

Negaki, bugungi kunga qadar institutda 100 ga yaqin nufuzli xorijiy oliygohlar xalqaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Talabalarimizni ish bilan ta’minlashda xorijiy davlatlar bilan ham hamkorlikda ishlayapmiz. Germaniya oliygohlari va ta’lim tashkilotlari bilan hamkorligimiz shular jumlasidandir.

Xususan, Germaniyadagi “The Simson Private Academy” va “Globalconsalt” bandlik firmalari bilan birgalikda nemis tili bo‘yicha kamida V1 xalqaro til bilish darajasiga ega yosh bitiruvchilarni birinchi navbatda amaliyotga yuborish va so‘ngra ish bilan ta’minlash bo‘yicha kelishib olindi. Hamkorlarmiz 3 oy o‘qitib, yo‘l haqi, yotoq joy, ovqatlanish xarajatlari hamda 1000-1800 yevro atrofida oylik maoshini berishni taklif qilishdi, bu bo‘yicha biz amaliy ishlarni boshlab yuborganmiz.

Jumladan, joriy yilning 29 mart kuni Germaniyaning “The Simson Private Academy” agentligi rahbariyati, Tyuringiya viloyati malakali ishchilarni yollash agentligi hamda Samarqand davlat chet tillar instituti vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bitiruvchilarni kasbiy qayta tayyorlash markazini tashkil etishga kelishildi va bu borada hamkorlik memorandumini imzoladik.

Umuman olganda, bu kabi rejalar kelajakda talaba-yoshlarning mukammal bilim olib, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishiga zamin yaratadi.

Ilhomjon TO‘XTASINOV,
Samarqand davlat chet tillar
instituti rektori, professor.