SamDChTIda jurnalistika fakulteti ochiladimi?
Samarqand davlat chet tillar institutida 2019 yilda ingliz tili-II fakulteti ochildi. Kafedralar soni ham 16 tadan 20 taga ko‘paydi. Talabalar 3166 nafardan 4965 nafarga, magistrantlar 179 nafardan 260 nafarga oshirildi. Bevosita dars jarayoniga 32 nafar xorijlik o‘qituvchilar jalb etildi. Iqtisodiyot tarmoqlarining talablari asosida 2 ta yangi ta’lim yo‘nalishlari va 1 ta yangi magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, hamkorlik borasida 2018 yilda 50 ga yaqin xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalari davom ettirilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 70 tadan oshdi. Mazkur yilda institut qoshidagi akademik litseyda ham xorijlik mutaxassislar faoliyat olib bordi. Xitoy, arab, indonez tillarini o‘qitish yo‘nalishlari ochildi.
2019 yilda 18 nafar izlanuvchi, shulardan, 16 nafar falsafa fanlari doktori (PhD) va 2 nafari fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qildi. 2 nafar talaba S.Ibragimova Islom Karimov nomidagi, M.Absamadova Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohiblari bo‘ldi. 4 nafar iqtidorli talaba xalqaro miqyosdagi fan olimpiadasi g‘olibligiga sazovor bo‘ldi. 24 nafar professor-o‘qituvchi xorijning nufuzli oliygohlarida tajriba oshirib qaytdi.
2020 yilda Janubiy Koreyaning Sukmyon va Choson universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida 2 ta, Latviyaning Riga texnika universiteti bilan 1 ta, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay xorijiy tillar universiteti bilan 1 ta, jami 4 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bevosita dars jarayoniga 41 nafar xorijlik o‘qituvchilar jalb etiladi. Talabalarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida sinov-tajriba sifatida xorijiy til va adabiyot ta’lim yo‘nalishi kredit-modul tizimiga o‘tkaziladi. Investitsiya dasturi doirasida 200 o‘rinli 1 ta talabalar turar-joyi binosida rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Axborot kommunikatsiya vositalari bilan jihozlash uchun 958,3 million so‘mlik mablag‘ ajratiladi.
2020 yilda jurnalistika fakultetini ochish, iqtisodiyot tarmoqlarining talablari asosida 2 ta yangi ta’lim yo‘nalishlari va 1 ta yangi magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Asilbek ABDURAIMOV.