SamDU Kattaqo‘rg‘on filialining talabalar turar joyi sentyabrda foydalanishga topshirilishi ma’lum qilindi

Zarnews.uz saytida “Samarqandda qurilayotgan talabalar turar joylari belgilangan muddatda foydalanishga topshiriladimi?” maqolasiga oliy ta’lim muassasalari munosabat bildirgandi, ammo SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali negadir jim degan edik. SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali qurilayotgan talabalar turar joyi haqida munosabat bildirdi:

"Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali 2022-2023 yillar mobaynida yangi 500 o‘rinli yotoqxona qurishni rejalashtirgan bo‘lib, hozirda ushbu talabalar turar joyi qurilishi “Jamshidjon universal savdo” xususiy korxonasi tomonidan olib borilmoqda.

 Buyurtmachi Samarqand viloyati xokimligi “Yagona  buyurtmachi xizmati” DUK bilan “Jamshidjon universal savdo” xususiy korxonasi o‘rtasida 2022 yil 29 aprel kuni tuzilgan shartnomaga, qo‘shimcha kelishuv shartnomalarga asosan avgust oyida topshirilishi ko‘rsatilib o‘tilgan.

Samarqand davlat univesitetning Kattaqo‘rg‘on filiali tomonidan yuborilgan xatlarga javoban Samarqand viloyati hokimligi “Yagona  buyurtmachi xizmati” DUK tomonidan 500 o‘rinli yotoqxona binosini muddatida topshirilishi yozma ravishda ma’lum qilingan.

Hozirgi kunda binoning tom qismini yopish ishlari, fasad va ichki qismida pardozlash ishlari olib borilmoqda. Yotoqxona binosini sentyabr oyiga topshirilishi rejalashtirilgan".