Samolyotni yeb qo‘ygan odam
U osonlikcha metall, shisha, yog‘och bilan ovqatlanardi va kunlarning birida samolyotni yeb qo‘ydi. Mishel Lotitoning ajoyib qissasi, haqiqatmi yoki fantastika?
Bu hikoya tom ma’noda hamma narsani iste’mol qila oladigan odam haqida. Albatta, u oddiy ovqat bilan ham oziqlanardi, lekin omma oldida chiqish qilganda, bamaylixotir metall, shisha va yog‘ochni iste’mol qilgan. Bir kuni u butun bir yengil samolyotni yeyishga qaror qildi va buni ikki yil ichida amalga oshirdi.
Mishel Lotito 1950 yil 15 iyunda Fransiyaning Grenobl shahrida tug‘ilgan. U boshqa bolalar kabi ulg‘aydi, biroq 9 yoshligida shisha stakanni yeb qo‘yib barcha tengdoshlarini lol qoldirdi. Noorganik narsalarni iste’mol qilish jarayonini yoqtirgan bolakay shisha butilkalarni yeya boshladi. Masala shisha “mahsulotlari”ni yeyish bilan cheklanib qolmadi: tez orada Mishel metallni tatib ko‘rdi.
Yarmarkalardan birida Lotito velosipedni yeb tomosha ko‘rsatdi, faqat velosiped zanjiri uning tomog‘iga yengil shikast yetkazdi. Bunday chiqishlar ommaga ma’qul kelishini anglab, u tomoshalarni boshlashga qaror qildi. 16 yoshida Mishel omma oldida faol ishtirok etib, oldida turgan barcha narsalarni yeb bitirdi. O‘sha kuni Lotito televizor, temir karavot, velosipedni yedi va disert sifatida tomoshani o‘zining sevimli "taom"i, bo‘lib qolgan stakan bilan tugatdi.
Mishel Lotito hech qachon sog‘lig‘idan shikoyat qilmadi, bu hayratlanarli, lekin uning yeganlari hech qachon uning oshqozoniga noqulaylik tug‘dirmagan. Shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilar ekan, ular Mishelning sog‘lom ekanligini aytishdi. Erkakning oshqozon devorlari boshqa odamlarnikidan ikki baravar qalin ekanligi aniqlandi. Uning tanasi tom ma’noda bunday "ovqat"ga moslashgan ekan. Kunlarning birida Mishel imkoni yo‘q ishni qilishga - bus-butun samolyotni yeyishga qaror qildi.
Iste’mol uchun tanlangan “Cyessna 150” yengil samolyoti qismlarga ajratilib, mayda bo‘laklarga bo‘lindi. Lotito uni ikki yil davomida yeb tugatishga muvaffaq bo‘ldi va shu orqali butun dunyoda tanildi. U “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan. Mutaxassislar hisob-kitoblari butun davr mobaynida rekordchi 9 tonnaga yaqin noorganik narsalarni iste’mol qilganini aniqladi. Bu har kuni 900 grammgacha noorganik mahsulotlar iste’mol qilgani bilan teng.
Butun umri davomida Mishel 18 ta velosiped, 7 ta televizor, 15 ta supermarket aravasi, bir juft chang‘i, “Cyessna 150” samolyoti, stakanlar, kompyuter va hatto tobutni yeb tugatdi.
Rekordchi 2007 yil 25 iyunda 58 yoshida vafot etdi. Erkakning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan, Mishelning ovqat hazm qilish tizimi uni hech qachon bezovta qilmagan. Lotitoning o‘limidan 17 yil o‘tdi, biroq uning rekordlarini hali hech kim yangilagani yo‘q.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.