Sartepadagi zaharlanish boshqa joyda kuzatilmaydimi?

– Samarqand shahri Sartepa mavzesidagi xot-dog tayyorlab sotish do‘konida qayd etilgan ommaviy zaharlanish holati bo‘yicha mutaxassislarimiz tomonidan dastlabki epidemiologik surishtiruv o‘tkazildi, – deydi viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bo‘lim mudiri Azizbek Ahrorov. – Fuqarolar sabzi salat, qaynatilgan kolbasa, qaynatilgan tuxum, ketchup hamda qo‘lbola mayonez solingan xot-dogni iste’mol qilishi natijasida zaharlanish holatini boshidan kechirgan. Ma’lum bo‘lishicha, do‘konda hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy savdo tashkil etilgan bo‘lib, mahsulot saqlash qoidalariga rioya etilmagan. Issiq va sovuq suv ta’minoti yo‘q. Sotuvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan va maxsus kiyimlarsiz faoliyat yuritgan. Bu soxta tadbirkorga eng kam ish haqining besh barobari miqdorida jarima solinib, uning noqonuniy savdo faoliyati to‘xtatildi.

Viloyat DSENM aholi o‘rtasida ovqatdan zaharlanish holatining oldini olish maqsadida Samarqand shahridagi 23 ta "fast-fud" taomlar, jumladan, xot-dog tayyorlab sotuvchi shoxobchalar faoliyatini o‘rganish davomida oltita shoxobchadan 21 litr qo‘lbola mayonez, 14 litr tomat sousi, 8 kilogramm sabzi salati iste’moldan olinib, yo‘q qilindi. Yuzga yaqin shoxobchaga sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilinishi haqida tibbiy maslahat va tavsiyanomalar berildi.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida o‘tkir ichak infeksiyasiga chalingan bemor bolalar uchun 300 ta o‘rin, kattalar uchun esa 50 ta o‘rin ajratilgan. Muassasaga murojaat qilgan har bir bemordan olingan namunalar bakteriologik, umumiy klinik, immunologik, biokimyoviy, serologik, gematologik va boshqa qator tahlillardan o‘tkaziladi. Tajribali shifokor-mutaxassislar tomonidan tashxis qo‘yilgach, samarali davolash ishlari olib boriladi. Shuningdek, shifoxonada bir martalik ishlatiladigan tibbiy jihoz va dori-darmon vositalari zaxirasi shakllantirilgan.

– So‘nggi paytlarda shifoxonamizga murojaat qilayotgan bemorlar orasida botulizm kasalligi bilan og‘riganlar ham uchrab turadi, – deydi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi vrach-infeksionisti Lola Tursunqulova. – Sartepadagi xot-dogdan ommaviy zaharlanish holati bo‘yicha 27 kishi murojaat qilgan edi. Ular zudlik bilan shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilib, laboratoriya tahlillari olindi. Davo muolajalari amalga oshirilgach, bemorlarga uyiga javob berib yuborildi.

Xo‘sh, botulizmning o‘zi qanday kasallik? Uning kelib chiqishiga nima sabab bo‘ladi? Unga chalinmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

– Bu kasallik o‘tkir yuqumli ichak kasalligi bo‘lib, orqa miya hamda uzunchoq miyaning zararlanishiga xos belgilari bilan ta’riflanadigan ovqatdan zaharlanishdir, – deydi Lola Tursunqulova. – Uning qo‘zg‘atuvchisi anaerob bakteriyalar bo‘lib, yurtimizda botulizmning bir necha turi uchraydi. Oddiy uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlashda zarur texnologik jarayonlar, sanitariya me’yorlari va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilinmasligi natijasida konservadagi botulizm sporalari o‘ta xavfli toksinlar ishlab chiqaradi. Unga chalingan bemorda holsizlanish, bosh og‘rig‘i, uyquning buzilishi, qayt qilish, ich ketish kabi belgilar paydo bo‘ladi. Eng qulay davolash usuli bemorga antitoksin zardobi yuborishdir. Bu kasallik o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilinsa, ancha yengil kechishi mumkin. Uni uy sharoitida davolab bo‘lmaydi.

Kasallikning oldini olish uchun avvalo, oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish lozim. Shuningdek, uy sharoitida pomidor, bodring, baqlajon ikrasi kabi konserva tayyorlash tavsiya etilmaydi. Ko‘cha-ko‘yda, noqonuniy savdo rastalarida sotilayotgan konservalarni xarid qilmaslik kerak.

Dilmurod TO‘XTAYEV

tayyorladi.