Sayyohlar Samarqand uchun qancha mablag‘ sarflayapti?

Sayyohlarga yashash sharoitidan tortib, shahar ichidagi servis va boshqa ko‘rsatkichlar yuqori darajalarga ko‘tarilavermas ekan, sayyohlar oqimi ko‘payishidan umid qilish qiyin.

Misol uchun, Samarqandga 2016 yilda 178 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich uch barobardan ko‘proq, ya’ni 560 ming nafarni tashkil etdi.

Mahalliy sayyohlar tashrifida ham bu ko‘rsatkichlar takrorlanib, ularning kelishi 2019 yilda 3 million nafarni tashkil etdi.

2021 yilning 11 oyi davomida viloyatimizga 2 million nafardan ortiq mahalliy va chet el sayyohlar tashrifi kuzatildi. Sayyohlar tashrifi nafaqat son jihatidan, balki sifat jihatidan ham o‘zgarib, ularning hududda qolish kunlari 2016 yildagi 1,5 kun o‘rniga 2019 yilda 2,6 kunni tashkil etdi. Sayyohlarning kunlik xarajatlari 70 AQSh dollaridan 150 AQSh dollariga o‘sdi.

Tabiiyki, sayyohlarning Samarqandda ko‘proq qolishlari uchun mehmonxonalar eng nozik didli sayyohning ham talabiga javob beradigan darajada bo‘lishi lozim. Samarqandlik ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkazilgan bu galgi press-tur aynan shu masalaga qaratildi. Press-tur davomida jurnalist va blogerlar Samarqand shahridagi ikkita yangi mehmonxona ochilishiga ham guvoh bo‘lishdi.

- 2016 yilda joylashtirish vositalari jami 99 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ular 410 ta bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 11 491 sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega, - deydi viloyat turizm va sport boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farrux O‘rolov. - Bugungi kunda mehmon uylari va xostellarning vujudga kelishi turistik ko‘rsatkichlar ko‘payishining asosiy sabablaridan biri bo‘lyapti. Jumladan, 2016 yilga qadar umuman bo‘lmagan va bugungi kunda 2 054 o‘rinli 222 ta mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Sohada joylashtirish vositalari soni uch baravarga, turistik korxonalar soni ikki baravarga o‘sdi, 222 ta xonadonda oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, mazkur xonadon egalarining doimiy bandligi ta’minlandi.

Samarqand shahrida shu kecha-kunduzda ishga tushgan “SHAHDIL” mehmonxonasi 35 xona va 70 o‘rindan iborat bo‘lib, mazkur majmua halol standartlari asosida faoliyat olib borishi bilan ajralib turadi.

Yangi ochilgan “AL MADINA SAMARKAND HOTEL” mehmonxonasi esa jami 29 xona va 60 o‘rindan iborat bo‘lib, mazkur majmua butik mehmonxona sifatida bezatilganligi bilan viloyatdagi mavjud boshqa mehmonxonalar ichida alohida ahamiyat kasb etadi.

Gulruh MO‘MINOVA.