Sayyor qabuldagi murojaat shu kunning o‘zida hal etildi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov joriy yildagi ilk sayyor qabulini Samarqand shahrida o‘tkazdi.

Hokim bilan birga viloyatning yana uch sektor rahbari, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri va boshqa mas’ullar ishtirokida o‘tkazilgan qabulda tuman va shaharlardan kelgan fuqarolar ishtirok etdi.

Aholi turli masalalar yuzasidan murojaat qildi. Xususan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, mehnat qonunchiligiga rioya qilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi muammolari, shaharsozlik me’yorlarining buzilishi, oilaviy nizolar, mansabdor shaxslar faoliyatidagi kamchiliklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harakatsizligi va boshqa masalalar bo‘yicha murojaatlar eshitilib, har bir muammo nazoratga olindi. Aksariyat masalalarga mas’ullar ishtirokida shu yerning o‘zida yechim topildi.

Samarqand shahrida yashovchi T.Konavalova uyida yashash uchun sharoiti yo‘qligini bildirib, viloyat hokimidan yordam so‘radi. Ushbu masala darhol nazoratga olinib, shu kunning o‘zida fuqaroning uyiga mebel va boshqa jihozlar yetkazib berildi.

Albatta, qabul davomida to‘rt muchasi sog‘ bo‘lsa-da yoki qo‘lidan ish keladigan oila a’zolari bo‘la turib, boqimandalik kayfiyatida hokimlik va rahbarlardan yordam so‘raganlar ham bo‘ldi. Bunday kishilarga ishga joylashish yoki biror bir kasb-hunar o‘rganib, ro‘zg‘or tebratishi uchun yordam berish tushuntirildi. Noqonuniy talab va asossiz murojaatlar rad etildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki og‘ir xastalikka chalingan fuqarolar, murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurati bo‘lgan kishilarga har tomonlama yordam berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Olti soatdan ortiq davom etgan sayyor qabulda jami 822 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Murojaatlar asosan Samarqand shahri aholisidan tushdi. Shuningdek, Past Darg‘om, Payariq va Samarqand tumanlaridan kelgan fuqarolar ham ko‘pchilikni tashkil etdi.

Har bir murojaatni qonunchilikda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.