Sayyoradagi eng g‘alati shaharlar
Yer yuzida juda chiroyli, hayratlanarli, qo‘rqinchli joylar ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, bu joylarning ba’zisini bir ko‘rgan odam bu yerlarga qaytib kelishni xohlaydi. Bugungi to‘plamda hayotda kamida bir marta tashrif buyurishga arziydigan bir necha shaharlar joy oldi.
Nagoru, Yaponiya
Yaponiyaning Sikoku orolidagi qishloq Iya vodiysida joylashgan. Bu yerda atigi yigirma nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.Ajablanarlisi, qishloqda uch yuz ellikdan ortiq qo‘g‘irchoq ham "yashaydi". Mahalliy rassom shu yo‘l bilan o‘layotgan qishloqni "aholi bilan boyitib" bu yerda qolgan kam sonli qishloq aholisi vaqtini chog‘ qilish maqsadida ularni ixtiro qilgan.
Qishloq va uning atrofida go‘yoki oddiy odamlar kabi yo‘lni tuzatayotgan, telefon kabinasidan qo‘ng‘iroq qilayotgan, daryoda baliq tutayotgan va hatto maktab partalarida o‘qiyotgan odam bo‘yiga teng qo‘g‘irchoqlar bor.
Matmata, Tunis
Qadimgi trogloditlar g‘orlarda yashagan Tunisning bu qismida bugungi kunda berberlar qulaygina joylashib olgan: tog‘ yonbag‘rida joylashgan shaharda mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. G‘orlar tepalikning chetiga yoki oddiygina yerga qazilgan va ko‘pincha kichik handaklar bilan bog‘langan teshiklardan iborat.
Guanoxuato, Meksika
Tarixi to‘rt asrdan ortiq bo‘lgan Meksikaning eng go‘zal shaharlaridan biri bo‘lib, birinchi navbatda mo‘miyolarning ko‘pligi bilan mashhur. Rasmiylar qabristondan mahalliy aholining qoldiqlarini qazib olganda, qurg‘oqchil iqlim jasadlarni mukammal darajada saqlab qolganligi aniqlandi, shu sababli ular muzeyda ko‘rgazma sifatida namoyish etilgan.
Mo‘miyolardan tashqari, bu shaharning yana bir, qaysidir ma’noda qiziqroq tomoni bor: bir vaqtlar bu yerda dunyo kumushining uchdan bir qismi qazib olingan bo‘lib, shahar ostida juda ko‘p kilometrli konlar qazilgan. Bugungi kunda ular to‘ldirilmasdan, balki shaharning to‘laqonli qismiga aylantirilgan: ular bo‘ylab piyodalar yo‘laklari bo‘lgan yer osti ko‘chalari yotqizilgan, mashinalar va mahalliy aholi jazirama quyoshdan qochib shu ko‘chalarda yurishadi. Yer osti ko‘chalarida svetoforlar, piyodalar o‘tish joylari, jamoat transporti to‘xtash joylari bor.
Kuber-Pedi, Avstraliya
Bir paytlar opal (bezak buyumlariga ishlatiladigan mineral) qazib olishning poytaxti bo‘lgan, uch yarim ming aholiga ega ajoyib bu shaharning yarim aholisi ham yer ostida yashaydi. Shahar XX asrning birinchi choragida tashkil etilgan va juda tez sur’atlarda o‘sgan. Biroq 50 darajagacha issiq bo‘lgan yuqori harorat odamlarni yer ostiga joylashtirishga majbur qildi: bu yerda nafaqat butun zamonaviy kvartiralar, balki galereyalar, cherkovlar va hatto do‘konlar ham bor.
Pxenyan, Shimoliy Koreya
Sayyoradagi eng yopiq shahar aslida juda g‘alati joy. Birinchidan, bu yerga borish unchalik oson emas, ikkinchidan, bu yerda haqiqiy diqqatga sazovor joylar yo‘q. Faqat rasmiylar ko‘rishga ruxsat bergan joylar, misol uchun, ulkan obidalar, g‘alati muzeylar, soxta do‘konlar va menyusiz restoranlar bor.
Galshtat, Xitoy
Xitoydagi yagona Avstriya... qishlog‘i. Xitoyliklar odatda o‘zlarida yo‘q narsaning nusxasini olishni yaxshi ko‘rishadi. Mamlakatning o‘z Disneylendi va o‘zining Las-Vegasi bor bo‘lsa-da, ular asl nusxadan juda farq qiladi. Biroq Avstriyaning eng go‘zal qishloqlaridan biri bilan bog‘liq barcha narsa juda yaxshi chiqdi - bu aniq nusxa, undan ayb qidirishning hojati ham yo‘q. Bu yerdagi uy-joylar, hatto Avstriyaning Galshtatidagidan ham qimmat turadi.
Siz bu shaharlarning qaysi biriga tashrif buyurgan bo‘lardingiz?
B.Muhammadiyeva tayyorladi.