Sektor rahbarlariga deputatlarning gapi yo‘qmi?
Bugun viloyat hokimligida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, xalq deputatlari viloyat Kengashi hududdagi asosiy VAKILLIK ORGANI. Qaysi masala bo‘lmasin Kengash ruxsatisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Birgina misol, bundan oldingi sessiyada viloyat byudjetining o‘tgan yildan ortib qolgan 3 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ini qayerga, qancha sarflanishi belgilab berildi.
Bu galgi, hisob bo‘yicha to‘rtinchi sessiyada ham muhim masala – DAVLAT RAHBARINING YOSHLAR BILAN ISHLASHNI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH, ISHNI YANGICHA TASHKIL ETISH BORASIDAGI TOPSHIRIG‘INING IJROSI ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash lozimki, sessiya ishida Prezident administratsiyasidan vakil ishtirok etdi. Nafaqat viloyat, balki tuman va shaharlardagi kun tartibidagi masalaga mas’ul mutasaddilar sessiyaga taklif qilindi.
Shu ikki holatning o‘zi sessiyaning mas’uliyatini ko‘rsatib turibdi. Ammo ...
Afsuslantirgan jihatni bayon qilishdan oldin ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tsak. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda deputat so‘roviga ba’zi rahbarlar javob qaytarmayotganligi haqida xabar tarqaldi. Bunday mas’uliyatsiz mutasaddilarga chora ko‘rish to‘g‘risida fikrlar bildirildi...
O‘tgan uch sessiyada, o‘zi umuman, saylov yakunlari e’lon qilingandan buyon viloyat rahbari deputatlarni jamiyat hayotida faol bo‘lishga chaqirmoqda.
... Sessiya ishida viloyatning to‘rtta sektor rahbari – hokim, prokuror, IIB va davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i yoshlar bilan qanday ish olib borayotgani, kelgusidagi rejalari haqida ma’lumot berdi.
Odatda, asosiy ma’ruzalardan so‘ng deputatlar masala bo‘yicha o‘z taklifi, mulohazasini bildiradi yoki savol beradi. Ming afsuski, bu gal deputatlarimiz faqat masala yuzasidan tayyorlangan qaror loyihasini ma’qullashdi, qo‘l ko‘tarib tasdiqlab berishdi.
Bir nafar deputatgina to‘rtinchi sektor rahbari – viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘iga savol bilan murojaat qildi.
Mayli, deputatlar muammolarni ochib tashlamasin, lekin nega bunaqa, nima uchun shunday bo‘layapti, deb har kuni ko‘rib, eshitib yurganlari haqida so‘rashi mumkin ediku.
Hurmatli deputatlarimizga kim tushuntiradi? Kengashga viloyatdagi har bir rahbar, u jamoat tashkiloti bo‘lsa ham (odatda ayrim jamoat tashkilotlari viloyatlar bo‘ysunuviga kirmaydi) hisobdor. Hisobot esa aynan deputatlar – xalqning vakillariga berilayapti. Ular esa bir yo‘la hammasini tushunib olib, ma’qullab qo‘ya qolishdi.