Senatning 24-yalpi majlisida Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini o‘zgartirish hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi

Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi 30 noyabr kuni chaqiriladi.

Yuqori palata axborot xizmati xabariga ko‘ra, yalpi majlisda dastavval mamlakat tarixida ilk bor qabul qilingan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilinadi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitiladi.

Bundan tashqari, senatorlar tadbirkorlik sub’yektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi, bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini o‘zgartirish hamda boshqa masalalar ham majlis kun tartibiga kiritilgan.

Senatorlar Vazirlar Mahkamasiga davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati, arzon uy-joy qurilishi, gaz, elektr ta’minoti bilan bog‘liq parlament so‘rovlari yuborish masalalarini ham muhokama qiladilar.