Sentyabrdan kimlar ishdan chetlatiladi? Yoki Senatning so‘nggi yig‘ilishi qarori haqida ayrim mulohazalar
O‘tgan haftaning oxirgi ikki ish kunida Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Bu galgi yalpi majlisda 19 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun muhokama qilindi.
Jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgan o‘zgartish
Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, amaldagi qonunlarda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi yuzasidan norma mavjud emas.
Bugungi kunda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni, shuningdek, o‘lim holatlari soni tobora ko‘payib bormoqda. Aholining ommaviy vaksinatsiyasi ushbu kasallikka qarshi kurashishning samarali choralaridan biri hisoblanadi.
Shu bois, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq norma kiritildi.
Bosh davlat sanitariya vrachi qarori
Jamoatchilik tomonidan eng ko‘p muhokama etilgan qonun davlat rahbari tomonidan imzolandi va qonuniy kuchga kirdi. Albatta, uning ijrosi uchun Bosh davlat sanitariya vrachining qarori joriy yil 17 iyuldagi 11-sonli “O‘zbekiston Respublikasi aholisi o‘rtasida SOVID-19 koronavirus infeksiyasining tarqalib ketishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi muhim ahamiyatga ega.
Qaror 2-bandiga asosan:
— emlashning birinchi dozasi bilan 2021 yilning 1 sentyabriga qadar;
— emlashning ikkinchi dozasi bilan 2021 yilning 1 oktyabriga qadar;
— emlashning uchinsi dozasi bilan 2021 yilning 1 noyabriga qadar muddatda emlanish nazarda tutilgan.
Bosh davlat sanitariya vrachining qarori bilan 14 ta sohada mehnat faoliyatini yurituvchi shaxslarning majburiy emlanishi ko‘zda tutilgan.
Bular:
— aholi bilan muloqotga kirishuvchi barcha turdagi xizmat ko‘rsatish ob’yektlari (Davlat xizmatlari markazlari, O‘zbekiston pochtasi bo‘linmalari, banklar, lizing tashkilotlari, notariuslar, sug‘urta kompaniyalari, turistik agentliklar, go‘zallik salonlari, avtotransport vositalarini ta’mirlash va moy almashtirish, yuvish shoxobchalari, sartaroshxonalar, internet zallari, to‘lovlarni qabul qilish punktlari, rieltorlik xizmatlari, reklama xizmatlari va boshqalar) xodimlari;
— barcha turdagi savdo (oziq-ovqat, xo‘jalik mollari, kiyim-kechak do‘konlari, dorixonalar va boshqalar) ob’yektlari xodimlari;
— sport maktablari hamda sport inshootlari xodimlari;
— madaniy hamda ko‘ngilochar ob’yektlar va dam olish maskanlari xodimlari;
➖mehmonxonalar, mehmon uylari, xostellar, otellar, yotoqxonalar va kempinglar ishchi-xodimlari;
— yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlari;
— davlat va nodavlat ta’lim muassasalari xodimlari;
— harbiy xizmatchilar;
— umumiy ovqatlanish joylari, jumladan jamoat joylarida joylashgan tezkor ovqatlanish nuqtalari, choyxona, to‘yxona, kafe va restoranlarning xodimlari, shuningdek, mahsulotlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchilar;
— barcha turdagi davlat va nodavlat tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy ob’yektlar xodimlari;
— kommunal xizmat sohasi xodimlari;
— aloqa va telekommunikatsiya ob’yektlari xodimlari;
— davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlari;
— huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari.
Galdagi vazifa yoki xatoga yo‘l qo‘ymang!
Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, tegishli sohada faoliyat yurituvchi xodimlarni ishdan chetlashtirishda ish beruvchilar ana shu muddatlarga e’tibor berishlari kerak.
Ya’ni, Bosh davlat sanitariya vrachining qarorida ko‘rsatilgan tashkilotlar birinchi navbatda, o‘z xodimlarini yuqorida ko‘rsatilgan muddatdan kechikmay vaksinalashdan o‘tishi haqida rasmiy tarzda ogohlantirishlari zarur.
Shu o‘rinda yana bir gap. Yangi tartibda emlashdan bosh tortgan xodimga nisbatan ish beruvchining qarshi harakati uning huquqi sifatida qayd etilyapti, ya’ni ish beruvchi emlanmagan xodimni ishga qo‘ymaslikka majbur emas. Xohlasa chetlatadi, xohlasa chetlatmasligi ham mumkin.
Har nima bo‘lganda ham yuqori palata vakillari, tajribali huquqshunoslar bu borada turli rakurslardagi holatlar bo‘yicha tushuntirish berishlari maqsadga muvofiq.
Yoqubjon Marqayev.