Sessiyada kattaqo‘rg‘onlik yo‘lchilarni jinoiy javobgarlikdan ozod etish taklif qilindi

Ayni paytda o‘tkazilayotgan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining o‘n sakkizinchi sessiyasida ma’lum qilinishicha, Kattaqo‘rg‘on tumani yo‘lsozlarining hujjatlarni soxtalashtirishiga tizimdagi kamchilik sabab bo‘lgan. Negaki, tumanga yo‘llarni ta’mirlash uchun 7 milliard so‘m 2019 yilning so‘nggi oyida ajratilgan. Mablag‘ o‘zlashtirilmay qolishi oqibatida respublika byudjetiga qaytib olinmasligi uchun soxta hujjatlar tayyorlangan.

2020 yil yanvar-mart oylarida qalbaki hujjatlar bilan o‘zlashtirilgan 7 milliard so‘m mablag‘ hisobidan belgilangan masofadagi yo‘l ta’mirlangan. Oddiy aytganda, mablag‘ talon-toroj qilinmagan. Jinoiy ish ochishga sabab bo‘lgan hujjat soxtakorligiga majburlikdan qo‘l urilgan. Shu bois, Kattaqo‘rg‘on tumani yo‘lsozlarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish taklif etildi.

Kengashda hisobot bergan jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi ishni appelyasiya instansiyasida ko‘rib chiqilishini bildirdi. Albatta, bu holat Kattaqo‘rg‘on tumani yo‘lchilari rahbarlarini javobgarlikdan ozod qilmaydi. Ularga nisbatan kamida intizomiy yoki ma’muriy jazo tayinlanadi.