Seyfdan katta miqdordagi mablag‘ni o‘margan shaxslar ushlandi

2020 yil 14 yanvardan 15 yanvarga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumani, Paxtachi mahallasida yashovchi 60 yoshli I.N.ning uyiga deraza oynasini sindirish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ichida 1.120 AQSh dollari va 57.500.000 so‘m miqdorida naqd pullari hamda uyining kadastr hujjatlari bo‘lgan temir seyfni yashirin ravishda qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringanlar.

Mazkur holat yuzasidan Dehqonobod tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari jarayonida jinoyatni 26 yoshli K.F. va 24 yoshli N.T.lar sodir etganligi aniqlanib, ulardan o‘g‘irlangan pullarning bir qismi va temir seyf ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, K.F. va N.T.lar gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan, K.F. protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.