Sherzod Shermatov: “Prezidentimiz o‘qituvchining maoshini 1000 dollarga yetkazish kerak, deb aytadi”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari ishtirokida “O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tgani haqida xabar qiladi “Xalq so‘zi” gazetasining rasmiy sayti.
Anjumanda Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, jamiyatda o‘qituvchining maqomini yuksaltirish, mavqeini oshirish, ijtimoiy ta’minlanganlik darajasini ko‘tarish, o‘qituvchini o‘z xizmat vazifasidan tashqari ishlardan ozod qilish singari sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar xususida gapirdi.
– Davlatimiz rahbarining eng birinchi qarori ham o‘qituvchining maqomini oshirishga qaratilgan edi, - dedi xalq ta’limi vaziri. – Vaqti kelib, jamiyatda o‘qituvchining mavqei bundan ham yuksaladi. Prezidentimiz har bir videoselektorda “O‘qituvchilar oyligini 1000 dollarga chiqarmaguncha to‘xtamaymiz”, deb ko‘p aytadilar. Nasib qilsa, albatta, shu darajaga boramiz, - dedi Sh.Shermatov. Shuningdek, saytda aytilishicha, vazir shunday deydi:
- Buyuk Britaniyada xususiy maktablarga e’tibor katta bo‘lgani bilan bitiruvchilarning atigi 7 foizi xususiy maktab o‘quvchilaridir. Bizda oxirgi ikki yilda xususiy maktablar soni to‘rt baravar oshdi, ammo bu hali hech qancha foizni tashkil qilmaydi. Kelgusida hamma yoqni xususiy maktablar bosib ketishidan aslo qo‘rqmaslik kerak.
Davlat maktablariga e’tibor kamaymaydi. Bizning hozir eng birinchi muammomiz koinotni tadqiq etish emas, maktablarni suv bilan ta’minlashdan iborat. Aksariyat maktablarda elementar narsalar yetishmaydi. Qishda isitish muammo. Shunday holatda kuchli kadrlarni yetishtirish mumkinmi?!