Shifokor ko‘rgan-kechirgan voqea: "Hayotga qaytish"
2-qism
Kunlarning birida: “Ilmiy ishlaringizni o‘qib chiqdim, ma’nosi teran, hatto telefonda moskvalik akademik Nosonovaga aytgandim, u "Juda yaxshi. Iloji bo‘lsa, bitta shu to‘g‘risida shogirdingiz bilan monografiya yozinglar", deb qoldi. Nima deysiz?"
Ikki bora “Albatta, xo‘p” deganimni bilmay ham qoldim. Xursandchiligimdan yeru-ko‘kka sig‘masdim.
ToshMIning serdaraxt yo‘laklaridan yurib havas bilan dermatovenerologiya institutiga kirib keldim, lekin bu joyda nimagadir muhit o‘zgacha edi. Qaysidir bo‘limdan yangi hech kim tushunmaydigan bir bemor aniqlanibdi. Juda yuqumli ekan. Alohida xonaga o‘tkazishibdi. Hamma vahimada. Kechga borib rahbar o‘z xonasiga meni taklif qildi.
- Uka, siz avval moxovxonaga borganmisiz?
- Ha, lekin bunga juda ko‘p bo‘ldi, Sobiq ittifoq davrida edi...
- Sizdan iltimos, ertaga ertalab bemorni moxovxonaga topshirib keling, biz sizga hamma sharoitingizni qilib beramiz. Keyin siz bilan gaplashadigan ishlarimiz bor. Xo‘p, salomat bo‘ling, - deb meni eshikkacha kuzatib qo‘ydi.
Ertasiga ertalab san.aviatsiyaning yo‘llagan mashinasida bemorni olib moxovxonaga ketdik. Haqiqatan ham bemorning afti basharasi juda qo‘rqinchli edi. Endi mening xayolimni ham qo‘rquv egallab olgan. Nega bu rahbarlar har safar menga yopishib olishdi. Nima, boshqalarning peshonasi yarqiraganmi? Axir, mening bemorlarga hech qanaqa aloqam bo‘lmasa, bor-yo‘g‘i laboratoriya sohasida ilmiy xodim bo‘lsam. Rahbarlarga bir og‘iz qarshi gap aytolmasam, bu nima degan gap? Keyin yana tibbiyot xodimlarning qasamini esladim. Menmi yoki boshqami, axir kimdir bemorni kuzatib borishi kerak-ku. Kel, mayli bu safar ham rahbarlarning nazari menga tushibdi. Bir kun kelib ijobiy samarasi bo‘lar.
Peshin bo‘lmasdan moxovxonaga kirib keldik, lekin endi hovlidagi ko‘kalamzoru-daraxtzorlardan iz ham qolmagandi. Besh-o‘nta bolalar qo‘y-echki, mol boqishardi. Ayrimlari chetroqda koptok tepishardi. Avvalgi temir panjaralar har-har yerda qolgan. Kasalxonaga kiraverishdagi beshta toldan ikkitasi qolibdi, xolos. Ularning hayhotdek tanasining ichi chirib, bir tomonga sal qiyshaygan, shox-shabbasi ancha siyraklashgan. Leninning haykalidan urvoq ham qolmabdi, o‘rnini tekislab, chopib, har xil gullar ekib qo‘yishibdi. Bemorlar ham bor-yo‘g‘i to‘rtta-beshta qolibdi, xolos. Katta kasalxonaning ikki-uchta xonalari ishga yaroqli, qolgan xonalar xonavayron bo‘lgandi. Birining eshigi, birining poli, qolganlarining oyna-derazalari o‘rniga zang bosgan tunukalar, chirigan taxtalar qing‘ir qiyshiq qilib qoqilgandi. Uzundan-uzun koridorlarning poli chirib, yer bilan teng bo‘lgandi.
Qarangki, mening eski "og‘ayni"m tirik ekan.
- Ha “molodoy” do‘xtir, yana tashrif buyuribdilar-da, bizning nolamizni yetkazmabsiz, shekilli. Hammang katta-kichik birsizlar. Bizning dardimizni hech qachon bilmagansizlar, bilmaysizlar ham. Xo‘sh, mana oradan o‘n yildan ortiq vaqt o‘tdi, kasalxonadagi o‘ris, koreys, o‘zbek, tojik, qoraqalpoq qolmadi. Hammasi o‘ldi, ho‘ anavi qabristonda yotibdi. Ularni har kuni qo‘y-echkilar tepkilaydi. Atrofga qara, na eshik, na deraza qoldi. Temir panjaralarni talab ketishdi. Imoratga ataylab o‘t qo‘yishadi. Keyin o‘t ketdi, deb butun borliqni o‘g‘irlashadi. Buni moxovlar emas, o‘zini soppa-sog‘ deb yurgan atrofdagilar qilishyapti. Qani bitta moxov ularning uyining chegarasidan o‘tib ko‘rsinchi, enasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatishadi. Qani insof, qani diyonat, moxovxonaning atrofidagi salkam yigirma gektar sug‘oriladigan yer bor, janob kattalar uni har yili bahorda o‘zlarining foydasiga musodara qiladilar. Evaziga kech kuzda kasalxonaga ikki qop piyoz, ikki qop chirigan kartoshka tashlab ketishadi. Aslida ularning o‘zi moxov emasmi?, - deya nolish qilib qoldi.
Bemor bahonasida moxovxonaning qolgan imoratlarini ham birgalikda aylanib chiqdik. Endi qo‘yaverasiz, inshoot shunchalik katta ediki, bu joyda 500-600 ta bemor bir paytda bemalol yashab davolansa bo‘ladi, o‘tgan asrning 30-40-50 yillarida shunday ham bo‘lgan: Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, qolaversa, Rossiyaning katta hududlaridagi moxovxonalardan bemorlarning bir qismi ushbu kasalxonaga yo‘llangan. Ayniqsa, Qoraqalpog‘istondan aniqlangan bemorlar tez-tez jo‘natilgan. Ozarbayjon, Armaniston, hatto Boltiqbo‘yi respublikalari - Estoniya, Latviya va Litvadan ham bemorlar kelishgan. Mana bu katta xona klub bo‘lgan, yuqoridagi sahnada bemorlar o‘zlari har xil spektakllar qo‘yishgan, kino ko‘rishgan. Xullas, katta dargoh bo‘lgan.
- Bu yerga begonalar kirsa bo‘ladimi? – so‘rayman otaxondan.
-E, uka, sening qog‘ozingda kirmaydi, deb yozilgan. Asli bu yer otxona, faqat siz, shaharliklar bilmaysizlar, kechqurun kelgin, butun Bulung‘urning aroqxo‘rlariyu, qimorbozlari shu yerga yig‘iladi, ertasiga ertalab uy-uylariga tarqab ketishadi. Moxovlarga ular ozroq “dolya” berishadi. O‘g‘ri muttahamlar ham ishi "bosti-bosti" bo‘lgunicha bir-ikki kun tunab ketishadi. Ana senga moxovxona, mana senga moxovxona.
Axir, bizga katta domlalar ma’ruza o‘qishganida moxovxonaga tashqaridan hech kim kiritilmaydi, u joylar qattiq qo‘riqlanadi, deyishgan edi, demak, hammasi cho‘pchak ekan-da yoki biz, tepadagilar bular to‘g‘risida ko‘p ma’lumotlarni bilmaymiz. Bilmagandan so‘ng har xil afsonaviy gaplar xalq orasida ko‘payaveradi. Keyin u bolalab ketadi.
Kechga borib uyga qaytdik, shofyor amakining ham sabr kosasi to‘lib ketibdi, 10-15 daqiqa katta yo‘lga chiqqanimizcha o‘zicha valdirab keldi. Menda esa moxovlarga nisbatan qandaydir o‘ziga xos iliqlik paydo bo‘lgandi. Ularni ko‘proq o‘rganish, dardini eshitish ishtiyoqi bilan Toshkentga kirib keldim.
Ertasiga ertalab direktor, professor Adham Shavkatovich Vaisov o‘zi shaxsan xonasiga taklif qildi. Salom-alikdan so‘ng safarda ko‘rgan-bilganlarim, moxovxonadagi hayot to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdim. Qarang, u kishi meni sabr va qiziqish bilan tingladi, hatto biror marta ham so‘zimni bo‘lmadi.
- Rahmat uka, juda zo‘r ishlar qilib kelibsiz, lekin biz ham sizga bir taklif bilan murojaat qilmoqchimiz, - dedi so‘ng. - Institutning klinikasi qoshida moxov kasalligi bilan shug‘ullanadigan maxsus vrach-leprolog degan shtat mavjud. Biz sizni shunga o‘tkazmoqchimiz, laboratoriyadagi ishingizni, ilmingizni parallel ravishda olib boraverasiz. Olti oylik dermatovenerologiya mutaxassisligini o‘qiysiz, biz sizga yordam beramiz.
Men hech ham ikkilanmasdan rozi bo‘ldim. Shunda u birdaniga kulib, “Rahmat, ko‘nglim sezgandi, dedi. - Mustaqil O‘zbekistonga shunday yigitlar kerak", deb olqishladi.
Oylar o‘tdi, malaka oshirish, mutaxassislikni olish ham nihoyasiga yetib qoldi. Kunlarning birida kafedraning oqsoqol xodimlaridan biri dars jarayonida o‘zidan-o‘zi: “Men sizni hurmat qilaman, ammo siz laboratoriya xodimisiz, to‘g‘rirog‘i, mikrobiologsiz, lekin nima uchun dermatovenerologiyaga da’vogarlik qilyapsiz, tushunmayman, - deb qoldi. Moxov do‘xtiri bo‘lish uchun olti oy o‘qish shartmi, ularni moxovxonaga olib borib tashlanadi xolos, tamom. Keyin nima bo‘lsa ham shu tomonlarda qolib ketadi. Ularni izolyasiya qilish kerak”, deya ta’kidladi.
Bu gaplar hammaning oldida menga juda yomon ta’sir qildi. Demak, bularning birortasi ham moxovlarning taqdiri bilan qiziqmaydi, hatto qiziqishni istamaydi ham. Bir-biriga eski afsonaviy gaplarni tarqatib yuraverishadi. Ey, inson, qaysi davrda yashayapsan, axir odamlar kosmosda uchib yurishibdi-ku.
Olti oylik dars jarayonida bir narsa ma’lum bo‘lib qoldi, ya’ni o‘zbek tilida teri va tanosil kasalliklari mavzusida kitob umuman yo‘q ekan, borlarining hammasi ham rus tilida. Axir endi o‘zbek tili davlat tili maqomini oldi-ku. Har kuni 3-4 soatlab dars qilaman, ma’ruzalarni qayt-qayta varaqlab bir fikrga keldim. Mana shu jarayonda darslik yaratish kerak, demak, ham o‘qish, ham yozish kerak.
Bir-ikki haftadan so‘ng direktorni hovlida ko‘rib qoldim.
- Yaqinda Olmaota shahrida dermatovenerologlarning xalqaro konferensiyasi bor, shunga ikkalamiz borib kelsak yaxshi bo‘lardi, - deya taklif kiritdi. - Ammo avtoulov sizdan bo‘ladi. Butun Sobiq Ittifoqdan mehmonlar keladi, eski og‘aynilarni ko‘ramiz. Iloji bo‘lsa, ilmiy ishingizga bag‘ishlangan bitta ma’ruza ham tayyorlang.
Bu so‘zlarni eshitib, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim.
Shunday qilib, men belgilangan kun yetib kelaman, dedim-da bir qo‘limni ko‘tarib, xayrlashdim.
Kechga borib direktor rahbarligida Olmaotaga kirib keldik. Bizni yaxshi kutib olishdi. Mehmonxonaga joylashib, kechki ovqatni mezbonlar bilan tanovul qildik. Direktor meni xursandchilik bilan Olmaota dermatovenerologiya ilmiy tekshirish institutining ma’muriyati va xodimlari bilan tanishtirdi. Qisqa vaqt ichida qozoq hamkasblarimiz bilan xuddi eski qadrdonlardek do‘stlashib ketdik. Chamasi bir soatlar o‘tib, moskvalik mehmonlar ham bizning davramizga qo‘shilishdi. Ayniqsa, Rossiyaning markaziy dermatovenerologiya instituti direktori, akademik Yu.K.Skripkin dasturxonga o‘zgacha fayz olib keldi. U mening leprolog bo‘lganligimni eshitib, alohida urg‘u berib gapirdi:
– Men bu yosh olimni avvaldan taniyman. Adashmasam, Moskvada professor V.V.Delektorskiy qo‘lida ta’lim olgansiz. Nomzodlik dissertatsiyasini shu kishi rahbarligida bajargansiz.
Shuncha vaqt o‘tsa ham yodida saqlab qolganligiga qoyil qolmasdan iloj yo‘q edi. Ertasiga peshindan keyingi majlisda men ham ilmiy ishimga bag‘ishlangan ma’ruzamni o‘qib berdim. Kechga borib akademik Yu.K.Skripkin konferensiyaning birinchi kuniga xotima berish paytida mening leprolog bo‘lganligimni va bu sohani esdan chiqarmasdan, aksincha ichiga chuqurroq kirib borishimni va yig‘ilish bayonnomasiga kiritib qo‘yishni taklif qildi.
Olmaota konferensiyasi haqiqatdan ham juda mazmunli o‘tdi, ayniqsa, biz, yoshlar keksa avloddan olamshumul yangiliklarni eshitdik. Hammasidan ham moskvalik dermatovenerologning moxov kasalligi to‘g‘risida bildirgan fikrlari menga juda kuch-g‘ayrat berib yubordi.
E’tibor, maqtov kimga yoqmaydi, deysiz? Men ham yangi fikr va ishtiyoq bilan uyga kirib keldim.
Oradan bir oy o‘tar-o‘tmasdan vazirlikka chaqirib qolishdi.
- Endi siz olti oylik maxsus malaka oshirishda o‘qib dermatovenerolog degan mutaxassislikni oldingiz, - deb so‘z boshladi boshqarma boshlig‘ining muovini Bahrom Istamovich. - Vazirning taklifiga binoan sizga leprologiya sohasida bosh mutaxassislik lavozimi berildi, tekinga emas, qo‘shimcha oyligingiz ellik foiz ustama ham beriladi. Lekin qisqa vaqt ichida butun respublikadagi leprologiya muammosini o‘rganib chiqasiz, keyin shaxsan Vazirning nomiga ma’lumotnoma topshirasiz. Ishni keyingi hafta Qoraqalpog‘istondan boshlaysiz, - dedi-da shu zahoti institut direktoriga o‘tirgan joyidan turib qo‘ng‘iroq qildi. Hech ikkilanmasdan direktor ham taklifni ijobiy baholadi.
Qoraqalpog‘istonga samolyotda uchdim, bor-yo‘g‘i bir yarim soatda Qoraqalpoq eliga qo‘ndik. Aeroportning kutish zalida meni baland bo‘yli bir rus kishi kutib oldi.
– Bilaman, siz bosh leprolog Egamberdi Husanovich Eshboyevsiz, men esa leprozoriya bosh shifokori Idunov Vladimir Ivanovichman, salkam yigirma yildan beri shu sohada ish yuritaman. Sizning shu sohaga respublika bo‘yicha bosh mutaxassis etib tayinlanganingizdan juda xursand bo‘ldik. Ko‘p yillar bo‘ldi, boshliqlar leprologiya muammolariga qaramay qo‘ygandi, to‘g‘rirog‘i, ko‘pchilik hanuzgacha moxovlardan qo‘rqishadi, buni bizning tilimizda “leprofobiya” deyiladi. Sizdan iltimos, bu so‘zga umuman e’tibor bermang. Men bu borada katta tajribaga egaman. Hali moxovxonalarda ishlagan bironta shifokor yoki hamshiraga kasallik yuqmagan. Ammo tashqarida har xil kurakda turmaydigan gaplar yuradi. Hatto moxovlarni maxsus askarlar qo‘riqlaydi. Ovqatlarini tepadan tashlaydi. Moxovxonalar “borsa-kelmas” degan orollarda joylashgan degan safsatalarni to‘qib yurishadi. Bu fikrlarning barchasi mutlaqo noto‘g‘ri.
Bir ko‘rishda bu inson bilan xuddi eski qadrdonlardek aka-uka bo‘lib ketdik. Vladimir Ivanovich so‘zini yakunlamasdanoq moxovxonaga yetib keldik. Kasalxonada shifokorlar, hamshiralar, farroshlar, qo‘yingchi, barcha xizmatchilar saf tortib bizni kutib olishdi. Ularning ustidagi xalat, qalpoqchasi tekis qilib kraxmallanib dazmollangan, atrofga yaqinda suv sepib-supurilganligi, tozaligi meni o‘ziga rom qildi. Hammasining yuzida xursandchilik alomatlari sezilib turardi. Keyin Vladimir Ivanovich barchani majlislar zaliga yig‘ib, meni tanishtirdi. Kelajakdagi rejalarimiz haqida fikrlashib oldik. Asosiy muammo majlisdan keyin boshlandi.
Shifokorlar chiqib ketishi bilan zalga birin-ketin bemorlar kirib kela boshladi. Kimningdir yuzi qiyshiq, kimdir cho‘loq, yana kimningdir ikki qo‘llarining barmoqlari qiyshayib ketgan. Xonaga kamida ellik-oltmishtacha bemor yig‘ildi. Bir zumda butun zalda o‘ziga xos hid tarqaldi. To‘g‘risini aytsam, tilim kalimaga kelmay qoldi. Asosiy savol-javoblarning hammasiga Vladimir Ivanovich javob berdi. Yig‘ilishning oxirida yoshi kattaroq bir bemor turib menga qarab gapirib qoldi.
– Uka, biz bilan hamdard bo‘lsangiz, shu lavozimda ishlang, agarda xush ko‘rmasangiz yig‘ishtiring. Bu sohani o‘rganish kerak, hali odamlar orasida sang‘ib yurgan bemorlar juda ko‘p. Ularni topib davolash sizning burchingiz. Shunda 10-20 yillardan so‘nggina oxiri ko‘rinib qoladi.
- Menga ozroq vaqt beringlar, albatta hamdard bo‘lamiz, - dedim.
Tushlikni shundoqqina moxovxonadan bir kilometr uzoqlikda joylashgan O‘zbekistonning eng katta daryosi Amudaryoning bo‘yida qildik. Amudaryoning suvi odatda loyqa bo‘lardi, ammo bu yerda u shunchalik tiniq va sof ediki, bemalol o‘z aksingni ko‘rsang bo‘lardi.
Vladimir Ivanovich shunchalik mehribon inson ediki, ichidagi barcha bilimlarini baralla menga tushuntirib berardi. Kerak bo‘lsa, har bir bemorning butun bir urug‘-avlodini erinmasdan aytardi. Meni mehmonxonaga olib bormasdan, to‘g‘ri uyiga olib ketdi.
Egamberdi Eshboyev.
Davomi bor.