Xizmat vazifasini o‘tayotgan shifokorga yana tajovuz qilindi
29 sentyabr kuni ertalab soat 06:40 atrofida Samarqand shahar tez tibbiy yordam bo‘limi xodimi - 53 yoshli Nariman Mamutov chaqiriqqa kelgan vaqtda mast holatda bo‘lgan notanish kishi tomonidan kaltaklandi.
– Tongga qadar 15 ga yaqin chaqiriqqa chiqdim. Ertalab, navbatchiligim tugashiga yarim soat qolganida so‘nggi chaqiriqqa yuborishdi. Manzilga yetib borib bemorga yordam ko‘rsatdik. Tez tibbiy yordam mashinasida, katta yo‘ldan ketayotganimizda bemor o‘zidan o‘zi menga tashlanib, ikki-uch marotaba boshimga urdi, qo‘limni tishlab tortdi, - deydi, shifokor Nariman Mamutov.
Tez yordam mashinasida bo‘lgan bemorning bunday harakatidan haydovchi va yordamchi hamshira ham qo‘rqib qolgan. Tajovuzkorning ikkinchi bor shifokorga tashlanishi chog‘ida bemorning sherigi uni ushlab qolib, shifokor Nariman Mamutovni arang qutqarib qolgan.
– Bizni hech qanday sababsiz urgan fuqarolar jazosini olishini istayman. Shifokorlarni haqoratlab, ularga qo‘l ko‘tarayotgan odamlarga jiddiy chora ko‘rilmayotganligi uchun ham bunday holatlar tez-tez sodir bo‘lyapti. Axir biz insonlarning salomatligi uchun xizmat qilamiz-ku?! Shifokorlarning huquqini himoya qiladigan qonun joriy etilishi lozim, -deydi jabrlanuvchi shifokor.
Darhaqiqat, mashaqqat bilan insonlarga ko‘mak berish kasbini tanlagan shifokorlarning huquqlarini himoya qilish uchun alohida hujjat qabul qilish vaqti kelganga o‘xshaydi. Yelkasiga ulkan mas’uliyatni olib, inson salomatligi yo‘lida tunu-kun xizmat qilayotgan ushbu kasb egalariga nisbatan bugungi kunda bo‘layotgan munosabatni o‘zgartirishimiz zarur.