Shodiyor AHMEDOV, Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i: TADBIRKORNI NAZORAT QILUVChI EMAS, ULARGA MASLAHATChI BO‘LIShIMIZ KERAK
Prezidentimiz raisligida joriy yil 22 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi davlat soliq xizmati organlariga faoliyatni tahlil etib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni kelgusida takrorlamaslik, soha xodimlarining mas’uliyati va kasb mahoratini yanada oshirishdek muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Mamlakatimizda soliq yukini kamaytirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi asosida yangi soliq tizimi joriy etilmoqda. Yangi soliq tizimini joriy etishda mas’uliyatni yanada oshirib, ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida bajarishimiz, soliq to‘lovchilar bilan do‘stona muloqot qilishimiz, tadbirkorlarga haqiqiy ko‘makdosh va maslahatchi bo‘lishimiz lozim.
Davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganidek, bu yil yangi soliq tizimining tartib-qoidalari va hisob-kitoblari tadbirkorlar ongida to‘liq shakllanmaguncha ularni jazolashga, jarimaga tortishga umuman yo‘l qo‘yilmaydi. Soliqchilar tadbirkorlarga maslahatchi va ko‘makchi bo‘lib, soliqlarni aniq hisoblash va to‘lashda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi kerak.
Shundan kelib chiqib, viloyat davlat soliq boshqarmasi, shahar va tumanlar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tadbirkorlar, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar huzuriga borib, soliq tizimidagi o‘zgarish va yangiliklardan ularni xabardor qilmoqda. Tadbirkorlarning soliqlarga doir savollariga atroflicha javob qaytarilmoqda. Jumladan, qo‘shimcha qiymat solig‘i va uni hisoblash tartibi yuzasidan yordam berilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchi korxonalar soni 2 ming 788 ta. Bu 2018 yildagi soliq to‘lovchilar (619 ta) soniga nisbatan 4,5 barobar oshganini anglatadi. Ixtiyoriy ravishda qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashga o‘tganlar 265 tani tashkil qildi. Qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashga o‘tayotgan mazkur soliq to‘lovchilarga tegishli tushuncha va ko‘rsatmalar berish uchun viloyat davlat soliq inspeksiyasining 243 nafar xodimi biriktirilgan.
Tadbirkorlarda davlat soliq xizmati xodimi, deganda birinchi navbatda, eng yaqin maslahatchi, ko‘makdosh va yuksak bilimga ega malakali xodim tushunchasini shakllantirishimiz lozim. Tadbirkorlik sub’yektlarining soliqlar bo‘yicha har qanday masalasini yechishga, ularga qonuniy faoliyat yuritish borasida to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga kamarbasta bo‘lishimiz kerak. Ana shunda biz soliq siyosatidagi islohotlarda yuksak natijalarga erishamiz, mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.