Shodiyorxon ABDUVOYITOV: “Garvard – erishib bo‘lmaydigan cho‘qqi emas”

Yaqinda Prezidentimizning Oqdaryo tumanidagi 32-maktabga qilgan tashrifi chog‘ida tumanda Garvard universiteti talabasi Shodiyorxon Abduvoyitov degan yigit borligini eshitdik. Shodiyorxon bilan bo‘lgan suhbatimiz uning bolaligi, qanday qilib nufuzli universitet talabasi bo‘lgani va kelajakdagi orzulari haqida bo‘ldi.

“Bolaligimda juda sho‘x bo‘lganman. Ammo oldimga qo‘ygan maqsadim bo‘lgan. Masalan, fan olimpiadasida o‘rin olishim kerakmi, albatta, shunga intilganman. Hatto kech soat uchgacha uxlamasdan dars qilgan vaqtlarim bo‘lgan. Menda mas’uliyat hissi erta uyg‘ongan, tengdoshlarim o‘ynasa, dam olsa men o‘qiganman. Maktabda ko‘pincha jismoniy tarbiya darslariga qatnashmasdim, sinfda bir o‘zim keyingi darsga tayyorlanib o‘tirardim.

Bolalar ko‘pincha 5-6-sinfligida kelajakda prezident bo‘lishni orzu qiladi, ammo men kosmonavt bo‘lishni, olim bo‘lishni orzu qilganman. Ulg‘aygach yana orzularim o‘zgardi, oldimga katta maqsad qo‘yganman. O‘sha maqsadimga erishish uchun harakat qilyapman.

Dastlab qishlog‘imizdagi maktabda, 5-sinfdan tumanimizdagi 52-IDUMda o‘qidim. Ixtisoslashtirilgan maktab uyimizdan uzoqda joylashgani uchun haftada shanba, yakshanba uyga kelardim. Maktabda tajribali, salohiyatli ustozlardan bilim oldim, shuning uchun hamma fanlarni yaxshi ko‘rib o‘qidim. So‘ngra 2019 yilda eng yuqori ball bilan Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga o‘qishga kirdim. Birinchi kursni bitirgach, ya’ni 2021 yilda o‘zimdan bir sinf quyi o‘qigan qizga uylanaman, deb turib oldim. Maktabdaligimdan shu qizga ko‘ngil qo‘ygandim. Uylanmasam chet elga o‘qishga ketaman, dedim uydagilarga. O‘qiyotgan institutim tomonidan xorijda o‘qish imkoniyati bor edi. Shundan so‘ng, ota-onam uylantirib qo‘yishdi. Bir yildan so‘ng qizim, yaqinda o‘g‘lim tug‘ildi. Uylanmasimdan oldin bir oylik harbiy xizmatni ham o‘tab keldim. Shu yil institutni bitirdim. Institut diplomini onlayn olgach, Garvard universitetiga magistraturaga hujjat topshirdim.

Garvard universitetiga joriy yilning 7 iyul kuni 100 ming AQSh dollari asosida grantga o‘qishga kirdim. Endi bitta suhbat bosqichi qolgan, men va hujjatlarimni tekshirish uchun. Suhbat bosqichi butun dunyo bo‘yicha 2024 yilning 6 yanvar kuni boshlanadi. Keyin avgust oyida viza olish uchun hujjatlarimni elchixonaga topshiraman va nasib bo‘lsa kelgusi yilning sentyabr oyida o‘qish uchun Amerikaga ketaman. Mutaxassisligim biznes administratsiyasi bo‘yicha magistratura shakli bo‘lib, bu universal soha hisoblanadi. Ikki yillik magistraturadagi o‘qishimning bir yillik kontrakt puli 65 ming dollar. Menga ikki yil uchun 130 ming dollar kerak edi, ya’ni 100 ming dollar grantimdan tashqari yana 30 ming dollarni o‘zim topishim lozim edi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi menga 30 ming dollarni hamda bilet, ijara, yashash pullarini qoplab beradigan bo‘ldi.

Mutaxassisligim bo‘yicha O‘zbekistondan men va namanganlik bir qiz Garvardga o‘qishga kiribdi. Prezidentimizga meni tanishtirishganlarida avvaliga hamma gaplarim yodimdan ko‘tarilib ketdi. So‘ngra hayajonimni bosib, Prezidentimizga grant asosida o‘qishga kirganimni aytdim. U kishi xursand bo‘lib ketdilar va ota-onamga, ustozlarimga salomimni va rahmatimni yetkazing, dedilar.

Ko‘pchilik hali ham o‘qishga kirganimga ishonqiramayapti, to‘g‘ri, ilgari O‘zbekistondan Garvardga juda kam talaba o‘qishga kirgan. Aslida Garvard egallab bo‘lmaydigan cho‘qqi emas, kelajakda yuzlab o‘zbekistonlik yoshlar bemalol ushbu universitetga o‘qishga kirib, o‘qiy oladi”.

Shodiyorxon o‘qish bilan birga o‘zi tug‘ilib o‘sgan Oqdaryo tumanida “Joy akademy” o‘quv markazi ochgan. O‘quv markaziga mahalladagi bolalarni jalb qilgan. Uning fikricha, kishilar turmush tarzini yaxshilash uchun ularning dunyoqarashini kengaytirish kerak. Dunyoqarashni oshirish uchun o‘qish va bilim olish lozim.   

“Keyingi yillarda o‘quv markazlari ochishga hukumatimiz keng imkoniyatlar berdi. Shundan foydalanib, o‘quv markazimizda chet tilini va IT sohasini o‘rgata boshladik. Keyin yoshlarimiz Hindistonda bo‘lib o‘tgan shaxmat musobaqasida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgach, markazimizda shaxmat klubi tashkil qildik.

O‘quv markazimizda 50 foizdan ortiq yoshlar imtiyozli o‘qiydi. Sharoitdan kelib chiqib, kimdir 50 foiz, kimdir 100 foiz chegirma asosida ta’lim oladi. Shunda ham Alloh rizqimizni beryapti.

Bundan tashqari, “Kelajak kasblari” milliy loyihasi bo‘ldi. Biz o‘quvchilarni IT sohasi bo‘yicha yuz foiz tekin o‘qitdik. Bunga ketgan xarajatni davlat bizga qoplab berdi.

Yaqinda yana bir loyiha boshladik. Yetti kishilik jamoamiz bor. Tenderda jamoamiz bilan Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on va Oqdaryo tumanlarida biznes inkubatsiya va akseleratsiya markazining katta loyihasini yutib oldik. Buni Yevropa Taraqqiyot banki O‘zbekistonga subsidiya ko‘rinishida, ya’ni bir biznes inkubatsiya va akseleratsiya markazi uchun 230 ming AQSh dollari miqdoridagi summalarni ajratyapti.

Biznes inkubatsiya markazi nima degani? Hozir yoshlarimizning ko‘pchiligi tadbirkorlik qilish uchun, masalan, issiqxona qurish uchun kredit olyapti. Lekin issiqxona haqida uning ilmi yo‘q. Qaysi o‘simlikni eksa yaxshiroq bo‘ladi, qaysi dorini sepish kerak, qachon hosilni terib olish lozimligini bilmaydi. Shuning uchun ko‘pchilik yoshlarning biznesi kuyib, bankka qarzini qaytara olmay qolyapti. Biz yoshlarga markazimiz tomonidan biznesni boshlashdan oldin, ularga bilim, maslahat va yo‘nalish beramiz. Buning uchun ikki nafar xodim chet eldan jalb qilinadi. Uch nafar mahalliy mutaxassislar ishga olinadi. Nasib bo‘lsa, bu loyihani oktyabr oyidan boshlaymiz”.   

Shodiyorxon hali yosh bo‘lishiga qaramay ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan. Uning oldiga qo‘ygan maqsadlari, amalga oshirishi lozim bo‘lgan rejalari bisyor. Shu bilan birga u farzandlari tarbiyasi bilan ham jiddiy shug‘ullanishga bel bog‘lagan.

“Farzandlarimni o‘zimga o‘xshamasligini istayman. Sababi, bolaligimni behuda narsalarga sarflaganman. Hozir bundanda yaxshi natijalarga erishsam bo‘lardi. Farzandlarimni Yaponiya tajribasi asosida tarbiyalamoqchiman. Yaponiyalik Masaru Ibukaning “Uchdan keyin kech” degan kitobi bor. Xullas, bolaga ikki yoshdan keyin chet tilini o‘rgatishni boshlash kerak. Shunda bola yetti yoshida uchta tilda gapira oladi, yoza oladi, bemalol o‘qiydi va kitob yozish qobiliyatiga ham ega bo‘ladi.

Aslida bu tajriba bizdan o‘zlashtirilgan, sababi ulug‘ allomalarimiz yetti yoshida uch-to‘rt tilda gaplasha olgan. Masalan, hazrati Alisher Navoiy bobomiz yetti yoshida beshta tilni bilgan. Al-Xorazmiy bobomiz ITchilarning ustozi bo‘lgan. Ota-bobolarimiz qo‘ygan talab bola yetti yoshgacha qori yoki qoriya bo‘lishi kerak bo‘lgan. Faqat mana shu tajriba bizda unutilgan, tartiblanmagan. O‘zimizda ham mana shunday tajribani qilsa bo‘ladi. Nasib qilsa, bu haqda kitob yozish niyatim bor.

O‘zim ham ingliz tilini maktab davrimdan to hozirga qadar o‘rganib kelyapman. Ingliz tili faqat oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun kalit emas, butun dunyoga chiqish uchun har bir inson ingliz tilini bilish kerak. Shuning uchun yoshlarga ingliz tilini astoydil o‘rganishni maslahat beraman. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda 90 foiz ma’lumot ingliz tilida yozilgan.

Odam qancha dunyoqarashi keng insonlar bilan hamsuhbat bo‘lsa, shuncha fikrlash doirasi kengayib boradi. Meni tajribali va bilimli ustozlarim bor, ular bilan hamsuhbat bo‘lib, maslahatlarini olib turaman.  

Badiiy kitoblarni maqsadim yo‘lida o‘qiyman, ko‘proq ilmiy-ommabop kitoblar o‘qiyman. Bir safar “Don Kixot” kitobini o‘qishim kerak bo‘lib qoldi. Kerak bo‘lgani uchun o‘qidim, aslida vaqtimni qizg‘ongan bo‘lardim. Vaqtni boshqaruv haqida, beparvolikning nozik san’ati, iqtisodiyotga oid kitoblar o‘qiyman. Bulardan charchasam badiiy kitob o‘qiyman. Eng yaxshi ko‘rgan kitobim Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” asari. Bu kitob menga zavq bergan. Hammaning o‘z kumiri bo‘ladi, mening kumirim Sohibqiron Amir Temur”.

Xurshida ERNAZAROVA suhbatlashdi.