Sihat tilasang – kam ye yoki nafsdan qanday saqlanish mumkin?

Yangi chaqaloqni «umri bilan, rizqi bilan bersin», voyaga yetganni esa «nasibasi, rizqi butun bo‘lsin»,  deb duo qilamiz. Umuman,  inson dunyoga yaxshi yashash uchun keladi, ko‘rinishi ham, turmushi ham, sog‘lig‘i ham yaxshi bo‘lishini istaydi.

Ming afsuski, ana shu orzu-istaklarga erishishda o‘zimizga o‘zimiz, aniqrog‘i nafsimiz xalaqit beradi. To sog‘lig‘imizni yo‘qotmaguncha «…sihat tilasang kam ye», degan naqlni eshitgimiz kelmaydi.

Misol uchun,  Xitoyda har 100 ming aholidan 36 nafari uzoq umr ko‘rarkan. Ular kuniga 7-10 kilometr piyoda yurishadi. Qariyalari qovurilgan ovqat yeyishmaydi. Bizda esa yuqmaydigan kasalliklar – endokrin, semizlik, qandli diabet ko‘payib bormoqda. Qon aylanish tizimi buzilgach esa boshqa kasalliklar ham kelib chiqaveradi. Bularning asosiy sababi noto‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha asabiylashish va kam harakatlilikdir.

Bir mahallaga ta’ziyaga bordik. 27 yoshli yigit olamdan o‘tibdi. «Kechagina tuppa-tuzuk yurgandi, bir kechada yuragi to‘xtab qopti»,  deyishdi. Surishtirsam, u restoranda oshpaz ekan. Inson ovqat pishirgandan emas, uni ortiqcha tanovul qilganidan zarar ko‘radi.

Braziliyaning «Kanizak Izaura» serialini ko‘pchilik ko‘rgan. Shunda er oshpaz xotinga «pishirig‘ing juda mazali bo‘pti, yana ozroq yesam maylimi?», deb murojaat qiladi. Xotin esa «Yo‘q, yetadi, agar xolesterining ko‘paysa, poliklinikaga borib jarima to‘laysan» , deydi. Demak u yerda har bir kishi bioximik tahlil uchun qon topshirib turadi, ovqat tufayli xolesterin miqdori oshsa, jarima ham to‘laydi.

Sog‘lom bo‘lish uchun nafsni tiya bilish muhim. Chunki sut mahsulotlari, sabzavot, ho‘l meva, baliq, tuxum, tovuq go‘shti, ozroq miqdorda shirinlik va yog‘ mahsulotlari ehtiyojimizni bemalol qondiradi. Agar atrofingizdagi ixcham, chaqqon,  xushkayfiyat kishilar bilan suhbatlashsangiz, ular ana shu qoidaga rioya etayotganliklarini bilib olasiz. Demak, nafsni jilovlash har bir kishi bemalol bajara oladigan ish. Yana bir haqiqatni aytay, inson ortiqcha yog‘ va vazndan qutilgan hamda jismoniy chiniqqan sari uning o‘z nafsi bilan kurashishi yengillashib boraveradi.

Nigina ABBOSOVA,

Samarqand shahar 1-oilaviy poliklinika bosh vrachi.