Sinovdan o‘tkazilayotgan Xitoy vaksinasi 5 kishiga nojo‘ya ta’sir qilgan

Bugungi kunda O‘zbekistonda Innovatsiya vazirligi boshchiligida Xitoyning "Zhifei Longcom" kompaniyasi bilan hamkorlikda  "ZF-2001" rekombinant vaksinasining 3-faza klinik sinov bosqichi o‘tkazilmoqda.

Hozirga qadar 3-faza klinik sinovi doirasida 6697 nafar ko‘ngilli hamyurtimiz vaksinaning 1-dozasi bilan emlangan bo‘lsa, yana 1209 nafari 2-dozani ham qabul qilgan.

Klinik sinovning dastlabki natijalariga ko‘ra, vaksina qabul qilganlar orasida 1-darajali nojo‘ya ta’sirlar (allergik reaksiya, biroz isitma chiqishi, bosh og‘rig‘i) 5 nafar shaxsda kuzatilgan yoki  0,3 foizni tashkil etgan, xolos (solishtirish uchun, bu ko‘rsatgich "Pfizer/Biontech"da 2-3,8 foiz, "Sputnik V"da esa 0,3-0,4 foizni tashkil etgan). 2- va 3-darajali nojo‘ya ta’sirlar esa kuzatilmagan. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi. 

Ushbu klinik sinovning muvaffaqiyatli natijalari ortidan Innovatsiya vazirligi  O‘zbekistonda aholini emlashda mazkur vaksinadan foydalanishni hamda buning uchun Maxsus komissiya tomonidan vaksinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat (EUA) berilishini taklif qilmoqda.

Agar maxsus komissiya tomonidan bunday ruxsat berilsa, vaksina yaratilishida hamkor tomon sifatida O‘zbekistonga vaksina imtiyozli narxlarda va yetarli quvvatlarda yetkazib beriladi. Shuningdek, mamlakatda vaksina "ZF-UZ-2001" nomi ostida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda tijoratlashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Maxsus komissiya raisiga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi mahalliy farmatsevtika kompaniyalarimiz bilan hamkorlikda "ZF-UZ-2001" vaksinasini joriy yilda 300 million donagacha ishlab chiqishi  va yetkazib berishi mumkin. Bu esa joriy yil oxirigacha mamlakat aholisini ommaviy ravishda emlash imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, hukumat rahbari Xalqaro Vaksinalar Ittifoqi (GAVI) tomonidan O‘zbekistonga 2,5 millionga yaqin "Astra-Zeneca" vaksinalarini bepul yetkazib berilishi bo‘yicha ham muzokaralar yakunlanayotganini ma’lum qildi. Muzokaralar yakuniga qarab, ushbu vaksinalarning dastlabki 800 ming donasi joriy yilning mart oylarida O‘zbekistonga keltirilishi kutilmoqda.