Siz hech narsa qilmayotgan paytingizda miyangiz nima bilan band bo‘ladi?

Hatto biz harakatsiz bo‘lgan paytimizda ham miya ishlashda davom etadi. U shunchaki xotiralarni saqlabgina qolmasdan ularni tartibga soladi, kelajak voqealarning borishini boshqalardan oldin bashorat qiladi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan voqealarga munosabatini “mashq qiladi”.
Ushbu hodisa Mauritsio Korbetta boshchiligida Padua universiteti va Venetsiya molekulyar tibbiyot instituti (Vimm) olimlari tomonidan o‘rganildi.
Xo‘sh, miya qanday mashq qiladi?
Neuron jurnalida chop etilgan birinchi tadqiqot qurtlardan primatlargacha bo‘lgan ma’lumotlarni tahlil qildi. Tadqiqotchilar miya faol ishlagan paytida bo‘lgani kabi dam olish paytida ham xuddi shunday neyron andazalarini ishlab chiqarishini aniqlashdi.
“Bizning miyamiz o‘tmishda sodir bo‘lgan hodisalarning jonli arxividir. Hatto tinch holatda ham, yuzlarni tanib olish uchun mas’ul bo‘lgan hududlar haqiqiy aloqa qilayotganda sodir bo‘layotgani kabi faol bo‘lib qoladi”, - tushuntiradi tadqiqot koordinatori Mauritsio Korbetta.
Bu mexanizm go‘yo kelajakdagi voqealar ssenariylari «yoqib qo‘yib», ularga oldindan tayyorgarlik ko‘rib, ma’lumotlarni tuzishga yordam beradi.
Odat refleksga aylanganda...
Ikkinchi tadqiqotdagi harakatga keltiruvchi tizim o‘rganilganda faol holatda bo‘lganidek, dam olish paytida miya bir xil (masalan, qo‘lni ochish va yopish) neyron andazalarini takrorlab turishi aniqlandi.
“Miya ongsiz ravishda imtihon oldidan materialni qayta va qayta takrorlaydigan talabaga o‘xshaydi", ta’kidlaydi Korbetta.
Shu tarzda dam olish davrlari behuda o‘tmaydi: bu davr davomida miya odatiy harakatlarni mahkam birkitib qo‘yib, yangi qiyinchiliklarga tayyorgarlik ko‘radi.
Tibbiyotga buning foydasi bormi?
Ushbu mexanizmlarni tushunish nevrologik kasalliklarni davolashdagi yutuqlarga olib kelishi mumkin. Misol uchun, miya qanday qilib dam olish paytida neyron naqshlarni ishlab chiqarishini tushunib olish insult va asab tizimi shikastlanishlaridan so‘ng tiklanishining yangi usullarini ishlab chiqishga yordam beradi.
Demak, biz hech narsa qilmayotgan bo‘lsak ham, miyamiz ishlashda davom etadi: u kelajakka tayyorlanadi, tahlil qiladi, bashorat qiladi va mukammallashib boraveradi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.