“Siz YuNESKOning himoya hududida turibsiz”
Samarqand shahrida ana shu yozuv aks etgan xarita ko‘rsatkichlar o‘rnatildi
Samarqandning tarixiy markazi va unga aloqador yodgorliklar 2001 yilda “Madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu hududlar insoniyat boyligi sifatida asrab-avaylanadi. Bu tarixiy yodgorlik va inshootlardan foydalanish, ta’mirlash va restavratsiya ishlarini olib borish yuzasidan belgilangan tartib, me’yorlar bor. Ularga amalga qilish majburiy hisoblanadi.
- Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida Samarqand shahrining YuNESKO himoyasidagi tarixiy qismi bufer va qo‘riqlanuvchi hududida videokuzatuv kameralari, ob’yekt to‘g‘risida ma’lumot, hudud xaritasi, himoya zonasida tashrif buyuruvchilarning majburiyatlari, ushbu qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ma’lumot, shu jumladan, QR-kod orqali topish imkoniyatini beradigan ma’lumotlarni internetga joylashtirish, axborot burchaklarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlari berilgan, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari-turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i R.Qobilov. – Davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 fevraldagi 4999-sonli qarorida ham Samarqand viloyati hokimligiga YuNESKO tomonidan himoyaga olingan bufer va himoya zonalarining chegaralari to‘g‘risida axborot beruvchi ko‘rsatkichlarni o‘rnatish vazifasi yuklatilgan edi. Ana shu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda Samarqand shahrida 55 ta xarita ko‘rsatkichlari o‘rnatildi. Ularda bufer va himoya zonalarining chegaralari belgilangan xarita, hududda joylashgan tarixiy bino va inshootlar, yaqin atrofdagi obidalar haqida ma’lumotlar joylashtirilgan. Shuningdek, har bir axborot-ko‘rsatkichda QR-kod mavjud va u orqali ob’yekt to‘g‘risida ma’lumot olish mumkin.
Yana bir yangilik – shaharning Yo‘lbarslar xiyobonida Sohibqiron Amir Temur Samarqandda bunyod etgan bog‘lari haqida ma’lumot beruvchi lavhalar o‘rnatildi. O‘zbek, rus va ingliz tilida yozilgan bu ma’lumotlar orqali mahalliy va xorijiy sayyohlarga buyuk jahongirning bog‘ yaratish san’ati bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, YuNESKO rahbari Odri Azule xonimning 2019 yilda Samarqandda o‘tkazilgan “Madaniy merosni asrash haftaligi” tadbiriga tashrifi doirasida shaharda YuNESKO himoyasidagi hudud va timsol sifatida “Qora tosh” o‘rnatilgan edi.