Sobiq o‘quvchi Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan kunini maktabida nishonladi
Urgut tumanidagi Mingbuloq mahallasida joylashgan 108-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda Qoratepadagi 41-maktabda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuni munosabati bilan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.
Samarqand davlat universiteti adabiyotshunos va tilshunos olimlari Erkin Musurmonov hamda Tolib Jo‘rayev ikki buyuk mutafakkirning asarlari va ularda ilgari surilgan g‘oyalar haqida so‘z yuritdi. Ayni paytda bu ulug‘ allomalar ilmiy merosini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Navoiy g‘azallari, Bobur ruboiylari tahlil etilib, ularning mazmuni o‘quvchilarga sodda tilda tushuntirildi.
O‘quvchilar ham faqat universitet o‘qituvchilarini tinglash bilan cheklanmadi, o‘zlari tayyorlagan sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi, Navoiy va Bobur ijodi bo‘yicha mushoira o‘tkazdi. Ushbu tadbirlarda faol ishtirok etgan o‘quvchilar esa maktabning sobiq o‘quvchisi, ayni paytda Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Qayum Sobirov tomonidan badiiy adabiyotlar va boshqa esdalik sovg‘alar bilan siylandi.
– Sobiq o‘quvchimiz ikki buyuk ajdodimiz tug‘ilgan kuni munosabati bilan maktabda tadbir tashkil etsak, deb taklif aytganida, rosti, juda quvondim, – deydi 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Alisher Ro‘ziqulov. – To‘g‘ri, ota-onalar, maktabimizni bitirganlar muassasamizga moddiy-ma’naviy yordam berib turishadi, lekin bunday taklif kam bo‘ladi-da. Tadbir kutganimizdan ham chiroyli o‘tdi. Ayniqsa, maktabimizga Samarqand davlat universiteti olimlari kelgani o‘quvchilarimizga o‘zgacha jo‘shqinlik berdi.