Sog‘liqni saqlash vazirligi: chaqaloqning o‘limiga emlash sabab bo‘lmagan

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2019 yil 5 aprelda tug‘ilgan M.N.ning o‘limi yuzasidan dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, quyidagilarni ma’lum qildi.

M.N. 2019 yil 12 iyul kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 40-oilaviy poliklinikada poliomelit, rotavirus va pnevmokokkga qarshi emlanadi. Emlash ishlari poliklinika emlash hamshirasi M. Rahmatova tomonidan amalga oshiriladi. Shundan so‘ng ikki kun davomida bolaning tana harorati 38 darajaga ko‘tarilib ketgan. 15 iyul tonggi soat 3:00-5:00 da bolaning ahvoli og‘irlashgach, unga tez yordam chaqiriladi. Tez tibbiy yordam brigadasi kelganda chaqaloq vafot etgan bo‘lgan.

Bolaga emlash jarayonida qo‘llanilgan vaksinalar xususiyatlarini inobatga olgan holda, aytish mumkinki, emlashdan keyin tana harorati 38 darajada bo‘lishi tabiiy holat. Ushbu harorat juda kam hollarda bolaning markaziy asab tizimiga ta’sir qilishi mumkin. Bundan tashqari, uyda 2-3 kun davomida nima sodir bo‘lganligi, chaqaloq qanday sharoitda parvarish qilinganligi, unda qanday qo‘shimcha salbiy ta’sirlar kuzatilganligi ham hali ma’lum emas.

"Aniqlanishicha, 12 iyul kuni poytaxtimizdagi 40-oilaviy poliklinika emlash xonasida 51 nafar bolada emlash amalga oshirilgan bo‘lib, ularning birontasida ham emlashdan so‘ng reaksiyalar qayd etilmagan", deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitar epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Mirzaboyev.

"Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda milliy emlash kalendari asosida har oyda 2 yarim million nafar bola vaksinalar bilan emlanadi va ularning emlashdan keyingi holati tizimli ravishda o‘rganib boriladi. Eng muhimi, yurtimizda shu paytgacha ushbu vaksinalar bilan bog‘liq salbiy holatlar biror marta bo‘lsa-da, ro‘yxatga olinmagan. Jumladan, poliomiyelit va pnevmokokka qarshi vaksinalarga umuman tibbiy cheklov yo‘q, ular o‘lim bilan bog‘liq asoratlarni umuman keltirib chiqarmaydi. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining nufuzli ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlarda ham isbotlangan", - deyilgan ma’lumotda.

Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, M.N.ning o‘limiga emlash sabab bo‘lmagan. Shu o‘rinda qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasining milliy profilaktik emlash kalendari va Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i asosida har bir emlangan bola 3 kun davomida patronaj hamshirasi tomonidan xabar olinishi zarur. Shundan kelib chiqqan holda, hamshiralar bolani emlanganidan so‘ng ma’lum vaqt nazoratga olmaganligi holati o‘rganilib, o‘z ishiga loqaydlik bilan qaragan tibbiyot xodimlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi. Ayni paytda M.N.ning o‘lim sababini aniqlashtirish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda.