Soliq auditi necha kun o‘tkaziladi?

Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab mamlakatimiz soliq tizimida bir qator yangiliklar joriy etildi. Masalan, 13 ta soliq nazorati shakllari 3 taga tushirildi. Jumladan, amaliyotga birinchi marta soliq auditi tatbiq qilindi.

Muayyan davr uchun soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lashning to‘g‘riligini tekshirish soliq auditi hisoblanadi. Ta’kidlash lozimki, soliq auditi soliq to‘lovchilarning (soliq agentlarining) yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) nisbatan o‘tkaziladi.

Soliq organlari soliq auditi o‘tkazilishi boshlanishidan kamida o‘ttiz kalendar kun oldin soliq to‘lovchiga soliq auditi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.

Soliq to‘lovchi xabardor etilmasdan soliq auditi o‘tkazilishi mumkinmi? Albatta, mumkin. Agar soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash belgilari mavjud bo‘lsa, soliq organi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishgan holda soliq to‘lovchini oldindan xabardor etmasdan soliq auditini boshlashga haqli.

Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga mansub bo‘lgan soliq to‘lovchilarning soliq auditi yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan inspeksiya boshlig‘ining (inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida amalga oshiriladi. Soliq auditida ishtirok etish uchun boshqa soliq organlarining mansabdor shaxslari jalb etilishi mumkin. Soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan uni o‘tkazish dasturi ham tasdiqlanadi.

Soliq kodeksining 143-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq auditi faqat kodeksning 88-moddasida belgilangan da’vo qilish muddati o‘tmagan oxirgi soliq auditidan keyingi davrni qamrab olishi mumkin. Soliq to‘lovchi ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda soliq auditi, soliq to‘lovchining bevosita soliq auditi o‘tkazilayotgan yildan oldingi uch yildan ko‘p bo‘lmagan faoliyatini qamrab olishi mumkinligini ta’kidlash kerak. Soliq auditi o‘tkazilayotgan davrda tekshirilayotgan davrning soliq hisobotiga soliq to‘lovchi tomonidan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Soliq auditi o‘ttiz kundan ortiq davom etmaydi. Biroq Soliq kodeksining 142-moddasiga asosan ushbu muddat ikki oygacha, alohida hollarda esa uch oygacha uzaytirilishi mumkin.

Soliq auditini o‘tkazish bo‘yicha cheklovlar mavjudmi? Soliq organlari soliq to‘lovchining aynan bitta davr uchun aynan bir xil soliqlar bo‘yicha bir martadan ortiq soliq auditini o‘tkazishga haqli emas. Lekin bundan soliq auditini o‘tkazish chog‘ida soliq organiga ma’lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno. Yangi holatlar aniqlangan taqdirda soliq organi takroriy soliq auditini tayinlash huquqiga ega.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.