Soliq boshqarmasida tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik yaratildi
Bugun davlat soliq xizmati organlarini tadbirkorlik sub’yektlarining eng yaqin ko‘makchisiga aylantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu boradagi chora-tadbirlar “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida ham aynan shu tamoyil asosida izchi ishlar hayotga tatbiq qilinmoqda. Jumladan, boshqarmada tadbirkorlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tadbirkorlarga qulay jihozlangan maxsus zal tashkil qilindi. Bu yerda tadbirkorlik sub’yektlariga 7 ta yo‘nalish bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda.
– Ushbu maxsus zalda tadbirkorlik su’yektlariga sifatli xizmatlar ko‘rsatilib, ularning soliq sohasiga doir savollariga malakali mutaxassislar tomonidan atroflicha javob beriladi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Navro‘z Fayzullayev. – Bu yerda 20 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritmoqda. Tadbirkorlarning har bir yo‘nalish bo‘yicha murojaatlariga to‘laqonli javob olish imkoniyati yaratilgan. Ilgari tadbirkorlar ma’lum bir masalada boshqarmaning tegishli bo‘limlariga murojaat qilardi. Endilikda ularga shu yerning o‘zida har bir yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tegishli maslahat va yordam beradi.
Ta’kidlash joizki, Telegram messenjeridagi SoliqMaslahatchilari, DSB_Samarqand_vil guruhlari orqali “Soliq idorasi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarga yaqindan yordam berib kelinmoqda. Ushbu guruhga viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar a’zo qilingan bo‘lib, ularni qiziqtirgan savollarga malakali xodimlar tomonidan javob berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.