Soliq qonunchiligida qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?

Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 2021 yilda Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar hamda O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Tadbirkorlar va hisobchilar ishtirok etgan tadbirda joriy yilda soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar, soliq stavkalari va sohaga doir boshqa masalalar yuzasidan atroflicha so‘z yuritildi. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi korxonalar doirasini kengaytirish hamda QQS zanjiri uzilishining oldini olish maqsadida tushum hajmidan qat’i nazar, alkogol mahsulotlari, jumladan, pivoni chakana sotish bo‘yicha turg‘un savdo shoxobchalari, bozor va savdo komplekslari QQS to‘lovchi korxonalar hisoblanishi belgilangani qayd etildi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchilar tomonidan turistik yo‘nalishlarda tashkil etilgan degustatsiya hududlarida realizatsiya qilinadigan tabiiy vino (shisha idishdagilardan tashqari) mahsulotlari aksiz solig‘ining soliq solish ob’yektidan chiqarib tashlangani ta’kidlab o‘tildi.

– Soliq sohasidagi yangiliklardan o‘z vaqtida boxabar bo‘lishimiz juda muhim ahamiyatga ega, – deydi Samarqand shahridagi “Temurshox stil” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh hisobchisi Feruza Usmonova. – Ushbu seminarda 2021 yilda soliq qonunchiligiga joriy qilingan yangilik va o‘zgarishlar xususida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldik. Bu esa, o‘z navbatida, faoliyatimizda soliqlar bo‘yicha kamchilik va xatoliklarga yo‘l qo‘ymasligimizga zamin yaratadi. 

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.