So‘nggi uch yil ichida viloyatda 53 nafar fuqaro suvda cho‘kib halok bo‘lgan
Fuqarolarning suvda cho‘kib halok bo‘lishlari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar va baxtsiz hodisalarning oldini olish borasida olib borilayotgan tushuntirish va ogohlantirish ishlariga qaramasdan, cho‘milish ruxsat etilmagan suv havzalarida fuqarolarning suvda cho‘kib halok bo‘lishlari kuzatilmoqda.
So‘nggi 3 yil viloyat hududidagi suv havzalarida 53 nafar fuqaroning suvda cho‘kib halok bo‘lishi bilan bog‘liq holatlar qayd qilingan. Bu holatlarning 70 foizini fuqarolarning ehtiyotsizligi, 15 foizini mast holda cho‘milish, 10 foizini yosh, voyaga yetmagan bolalarning nazoratsiz qoldirilishi va 5 foizini boshqa sabablar tashkil etadi.
Bu asosan Zarafshon, Qoradaryo va Oqdaryo daryolari, Darg‘om, Eski Anhor, Narpay, Mirzaariq, Tuyatortar, Qorasuv, Siyobcha, Katta¬qo‘rg‘on suv omborining kirish va chiqish kanallari hamda Kattaqo‘rg‘on va Qoratepa suv omborlarida sodir bo‘lmoqda.
Fuqarolardan ushbu holatlarning oldini olish maqsadida cho‘milish ruxsat etilmagan, oqim tezligi yuqori bo‘lgan, chuqur suv havzalarida cho‘milmasliklarini, yosh, voyaga yetmagan bolalarni nazoratsiz qoldirmasliklarini va albatta cho‘milish qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz.
M.NORQULOV, podpolkovnik.
N.KARISOV, leytenant.