Soxta “Yozgi oromgohlar” kimga kerak?
Ayni kunlarda juda ko‘p maktablar yozgi sog‘lomlashtirish maskaniga aylantirilibdi. Ya’ni, u maktablar qog‘ozda, ha aynan qog‘ozda go‘yoki juda zo‘r sharoitlarga ega bo‘lgan, xuddi bolalar maza qilib dam oladigan “Yozgi oromgoh”larga aylantirilgan.
Yuqoridan kelgan birgina buyruq bilan garchi maktablarda yetarli sharoit bo‘lmasa-da, majburan yozgi lagerga moslashtirilgan. O‘qituvchilar sarson, direktor sarson, direktor o‘rinbosarlari sarson.
Mehnat ta’tiliga chiqib ketayotgan pedagoglar oromgohda to‘garak o‘tishga majburlanmoqda. Ularning huquqlari buzilmoqda.
Hoy, oromgoh ochmoqchi bo‘layotgan boshqarma boshliqlari-yu, mudirlar va hokimlar! Bir narsani to‘g‘ri tushuninglar! Shu issiqda qaysi bola keladi maktabdagi jazirama xonalarga? Sizningcha, o‘quvchilarga aynan nima uchun yozda ta’til beriladi?
O‘quvchilar bir yil o‘qib, ta’tilga chiqqanda, ota-onasi bilan birga bo‘lishi kerak emasmi? Nega o‘qituvchilarni qiynayverasizlar to‘garak o‘tgin deb? Bu bilan bolalarni ham maktabdan bezitib yubormayapmizmi?
Maktablarda o‘qish uchun sharoit yetarli emas-ku, yana shu maktabda oromgoh tashkil qilish qanday mantiqqa to‘g‘ri keladi? Axir lager degani tog‘li, soya-salqin joylarda tashkil etilishi kerak emasmi? Bechora o‘qituvchilar bolalarni majburan maktabga chaqirayotganini bilmaysizmi?
Kim o‘ylab topdi o‘zi shu maktablarda oromgoh tashkil etishni? Shu issiqda mehnat ta’tiliga chiqib olgan qaysi o‘qituvchi yana maktabga kelib, oylik maoshsiz, tekinga to‘garak o‘tishni istaydi? Axir ular bolalarga bir yil ta’lim bergani kamlik qildimi? Ular robotmi? O‘qituvchilarning dam olishga haqqi yo‘qmi?
Yil davomida asablari charchagan direktor, “zamdirektor”, “zavuch”lar qachon ta’tilga chiqib bemalol dam oladi? Xalq ta’limi vazirligi lager ochilgan maktablarga bir so‘m ham ajratilmayotganligini, u yerdagi bolalarga sinf rahbarlari o‘z uyidan oziq-ovqat tashib kelayotganini, oromgohga jalb qilingan pedagog xodimlar mehnat ta’tilida bo‘lishiga qaramasdan, oylik maoshsiz tekinga ishlatilayotganligini biladimi?
Bunday ko‘zbo‘yamachilik uchun ochilayotgan, umuman talabga javob bermaydigan soxta yozgi oromgohlar kimga kerak? Yozgi oromgohlarni tashkil qilishdan maqsad nima, aslida bu ham majburiy mehnatning bir turi emasmi? Xodimlar mehnat ta’tiliga chiqish o‘rniga yana maktabda bolalarga to‘garak o‘tishi shartmi, ta’til o‘z nomi bilan ta’til, hamma birdek dam olishi kerak emasmi? Bo‘ldi, bas qilaylik! Mantiqni ishlataylik.
Ulug‘bek Po‘latov.
P/S: Haqiqatda blogerning gaplarida jon bor. Biz ham Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan maktablar qoshida ochilayotgan “Yozgi oromgohlar” haqida ma’lumot so‘radik, ammo bu haqda hech qanday ma’lumot ololmadik. Sababi, nomiga ochiladigan “Yozgi oromgohlar” uchun hech qanday mablag‘ ajratilmaydi va bloger aytganidek issiq xonalarda bolalar dam olish uchun bormaydi.