SSV: Ayni paytda yurtimizda koronavirusga chalingan bemorlar olti nafarga yetdi

Avval xabar qilganimizdek, ayni paytda epidemiologik surishtiruv hamda kasallikning tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar 6 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Ma’lumki, shu yilning 15 mart kuni Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlanganini xabar qilgan edik. Tahlil natijalari bemorning o‘g‘li va qizida koronavirus infeksiyasi borligini ko‘rsatgan edi. Ayni paytda ushbu fuqaroning turmush o‘rtog‘i va nabirasida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

Shuningdek, shu yilning 15 mart kuni soat 05:15 da “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga  qarashli “Istanbul–Toshkent” yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida ham ushbu infeksiya aniqlangan.

Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxati olinib, ularning salomatligi ustidan ham tibbiy nazorat o‘rnatildi.

Hozirda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davolash va epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.