SSV: O‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan mas’ul xodimlar vazifasidan ozod etildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan mas’ul xodimlar vazifasidan ozod etilganini ma’lum qildi.

Yuzaga kelgan vaziyatni atroflicha o‘rganish, mavjud muammolar yechimini topish, tahlil qilish va mahalliy shifokorlarga homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada yaxshilash yuzasidan amaliy-uslubiy yordam berish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ul xodimlari, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bir guruh olimlari va malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turishibdi. Ular tomonidan onalar o‘limi ko‘payishi bilan bog‘liq vaziyat sinchiklab o‘rganilmoqda. Bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil etilib, ularning oldini olish yuzasidan tibbiyot xodimlariga uslubiy yordam ko‘rsatilib, zamonaviy tashxis va davolash usullarini amaliyotga qo‘llash bo‘yicha bilim ko‘nikmalarini oshirishda ko‘mak berishmoqda.

Shu bilan birga, faoliyati davomida kamchilikka yo‘l qo‘ygan, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan tibbiyot xodimlariga nisbatan tegishli tartibda qonuniy choralar ko‘rildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Perinatal markazi direktori A. Abidov, direktor o‘rinbosari Z. Jumaniyazova va patologiya bo‘limi boshlig‘i M. Eshbayeva lavozimidan ozod etildi. Mazkur markazning reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i M. Nizamatdinov va 4-tug‘ruq bo‘limi boshlig‘i S. Yeshmanovaga jarima intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Ushbu markazning reanimatsiya bo‘limi shifokorlari G. Saribayeva va Z. Ablakimov, G.Tanirbergenovlar, shuningdek, navbatchi akusher-ginekologi L. Burangulova, patologiya bo‘limi akusher-ginekologi D. Yangiboyeva, 3-tug‘ruq bo‘limi akusher-ginekolog G. Ashirbekova hamda 1-tug‘ruq bo‘limi navbatchi doyasi A. Sariyevalarga esa “xayfsan” intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari D. Bekboyeva, Nukus shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i J.Tarixov, Qo‘ng‘irot tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B. Jumaniyazov va Chimboy tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i D. Yembergenovlarga jarima jazo choralari qo‘llanildi.

Ayni paytda poytaxtdan borgan mutaxassislar mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda onalar, bolalar, o‘smirlar, fertil yoshdagi ayollar va aholining barcha qatlamiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada yaxshilash, tibbiy-profilaktika, perinatal va antenatal tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Aytish joizki, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qariyb besh yuz ming nafar tug‘ruq yoshidagi ayollar istiqomat qiladi. Ularga tibbiy-profilaktika va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy imkoniyatlar yaratilgan. Hududdagi 16 ta tug‘ruq majmuasi va Respublika perinatal markazi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Tumanlardagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda Ayollar maslahatxonasi bo‘limi va Qizlar salomatligi markazi, perinatal skrining xonalari tashkil etilib, zamonaviy tibbiy diagnostika vositalari bilan jihozlangan.