Subsidiyaga ariza berish boshlandi

Bugun, 2 oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar uchun ariza qabul qilish qaytadan ochildi. Buning uchun Davlat xizmatlari markazlariga bevosita borgan holda yoki my.gov.uz orqali mustaqil ravishda ariza topshirish kerak.
Subsidiya ajratishda ijtimoiy mezon ishlab chiqilgan. Bunda arizachilar bir nechta mezonlar bo‘yicha ball to‘plashi mumkin.
Oylik maoshga qarab hududlarda (Qoraqalpog‘iston va viloyatlar) quyidagicha ball beriladi:
MHTEKMning 2,7 barobaridan 7 barobarigacha yoki 3 431 700 so‘mdan 8 897 000 so‘mgacha — 10 ball;
MHTEKMning 7 barobaridan ko‘p va 8 barobarigacha yoki 8 897 000 so‘mdan 10 168 000 so‘mgacha — 5 ball.
Toshkent shahrida esa quyidagicha:
MHTEKMning 2,7 barobaridan 8 barobarigacha yoki 3 431 700 so‘mdan 10 168 000 so‘mgacha — 10 ball;
MHTEKMning 8 barobaridan ko‘p va 9,2 barobarigacha yoki 10 168 000 so‘mdan 11 693 200 so‘mgacha — 5 ball.
Butun mamlakatda ariza beruvchi yoki uning oilasiga tegishli mulk yoki turar-joy bo‘lmasligi — 20 ball. «Labor-migration» dasturida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migranti — 10 ball.
Olis yoki chekka hududlarda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi mutaxassislar, tibbiyot xodimlari, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar (ajrashgan, beva yoki yolg‘iz onalar), «Tibbiy ijtimoiy ekspertiza» tizimidan ro‘yxatdan o‘tganlar — 5 balldan.