Sug‘diy yozuvidagi V asrga tegishli kosa Chelakdan topilganini bilasizmi?
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida 18 may Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan “Samarqand muzeyi durdonalari” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Unda Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi fondining eng noyob va nodir ashyolari ilk bor ushbu ko‘rgazmada namoyish etildi.
Shulardan biri V asarga tegishli misdan ishlangan kosadir. Kosa 1961 yilda Samarqand viloyati Chelak shahridagi xonadonlardan birida yer kovlash vaqtida topilgan. Xonadondan topilgan 4 dona kosani arxeologlar o‘rganish jarayonida V asrga tegishli ekanligini, yozuvlari sug‘d tilida bitilganini aniqlagan. Kosalarning biri lat yeganligi bois muzey fondida bo‘lsa, yana biri Toshkentda saqlanadi. Kosada raqqos ayollar bo‘rttirib aks ettirilgan. Markazda shox surati chizilgan bo‘lishi mumkin.
Muzeylar tariximizdan so‘zlovchi maskandir, - deydi Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi san’at bo‘limi katta ilmiy xodimi Bahrom Yo‘ldoshev. – Bugungi ko‘rgazmamizda tariximizning bir bo‘lagi aks ettirildi. Ular orasida somoniylar davriga oid X asrga tegishli tilla dinorlar, 1977 yilda Afrosiyob tepaliklarini qazish vaqtida topilgan VII-VIII asrga oid sakkiz dona suyakdan ishlangan shaxmat donalari, XX asrga tegishli kumush, baxmaldan ishlangan kamarbasta, miloddan avvalgi III asrga tegishli terrakota haykalchalari va san’at asarlari joy olgan. 1996 yilda Samarqand shahriga taqdim etilgan “Amir Temur” ordeni ham hokimiyat tomonidan muzeyimizga taqdim etilishi tariximizga bo‘lgan hurmat namunasidir.
Ko‘rgazmadan XIX-XX asrlarga tegishli milliy liboslar ko‘rgazmasi, amaliy va tasviriy san’at namunalari ham joy olgan.
Shuningdek, tadbir doirasida “Muzeylar-o‘tmish va bugun o‘rtasidagi ko‘prik: innovatsiya yo‘lida” nomli davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi.