Suv parisi, monastrdan o‘marilgan oltinlar, Burgomistrning ochko‘z qizi
Jahondagi juda ko‘p xalqlar afsona va rivoyatlarida dengiz va daryolarda, ko‘llar va boshqa suv havzalarida yashovchi qora kuchlarning suv parisi qiyofasidagi vakillari haqida hikoya qilinadi. Ular bilan uchrashish yaxshilikka olib kelmasligi maslahat beriladi. Xo‘sh, bu qanchalik haqiqatga yaqin?
...1648 yilda Bogdan Xmelnitskiy kazaklari Brestni ishg‘ol qiladi. Shaharda vahima, to‘s-to‘polon boshlanadi. Bundan dominikalik yosh monax foydalanmoqchi bo‘ladi. U mahalliy burgomistrning qizini sevar, qiz ham unga befarq emas edi. Xullas, talato‘pdan foydalanib ikki sevishgan shahardan o‘rmonga qochadi. Kechga yaqin ko‘lga yetib kelishadi va uning ovloq go‘shasida uyquga ketishadi. Yarim kechada erkak uyg‘onib ketadi va g‘aroyib mo‘’jizani ko‘rib, dong qotib qoladi. Ko‘l yog‘du - shu’laga cho‘lg‘angandi. Uning to‘lqinlari uzra boshlariga chiroyli gulchambarlar kiygan, kiyimlarida qadalgan rang-barang toshlar tovlangan “qiz”lar turardi. Ko‘l sohibjamollari erka tabassumlari bilan gunohkor monaxni imlab o‘zlariga chorlaydi.
Sohibjamollar sehr-jodusiga aldanib es-hushini yo‘qotgan monax sevgilisi bilan shahardan qochayotganida qora kunimga yarab qolar, deb monastrdan o‘margan oltinlarini ham unutib o‘zini ko‘lga tashlaydi. U hali qirg‘oqdan nari ketmay turib, sevgilisi uyg‘onadi. Qarasa, monax ko‘lda suzib boryapti. Nima hodisa ro‘y bergani qizni zarracha qiziqtirmaydi. U oltin to‘la xaltaga tashlanadi. Monax esa parvo qilmay suzishda davom etadi. Axir uni hurliqo suv parilari kutayotgandi-da! Shu tariqa o‘g‘ri monax va Burgomistrning ochko‘z qizi ko‘l qa’riga mangu g‘arq bo‘lishadi.
Yana bir bo‘lgan voqea. O‘tgan asrning 60-yillarida ko‘l bo‘yiga dam olish uchun xotini va bolalari bilan kelgan ota sirli hodisa qurboni bo‘ladi. Avvaliga vaqtni maroqli o‘tkazayotgan oilaga hech narsa xalaqit bermayotgan edi. To‘satdan ota xavotirga tushadi, ko‘l qirg‘og‘iga kelib diqqat bilan suv tubiga tikiladi. Oradan bir necha daqiqa o‘tib, bechora erkak jon talvasasida o‘zini mashinaga uradi. Uni ushlab qolmoqchi bo‘lgan xotinini siltab tashlaydi va katta tezlikda mashinani ko‘lga haydadi. Suv uni o‘z qa’riga tortib ketadi. Oradan ancha vaqt o‘tib, mashinani qirg‘oqqa chiqarib olishga muvaffaq bo‘lishadi, ammo unda erkak yo‘q edi...
Vaholanki, mashina eshiklari zich yopilgan, oynasi ko‘tarilgan edi. Erkak nega xavotirga tushdi, suv tubida nimani ko‘rdi, nega oilasini tashlab mashinada o‘zini ko‘lga tashladi? Bu sirligicha qoldi.
T.Shomurodov tayyorladi.