Suv quvuri ustidagi noqonuniy bekat buzilib, avariya bartaraf etildi
Saytimizda shu yil 28 yanvarda «Kim qiladi-ya, shuginani-ya?!» sarlavhali maqola orqali Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, “Nihol” restorani oldida ichimlik suvi quvurining teshilishi oqibatida buloq paydo bo‘lgani, 29 yanvar kuni «Sartepa maskanida ichimlik suvi isrof bo‘lmoqda» maqolasi orqali Samarqand shahar Sartepa mavzei Botir Zokirov mahallasi hududida - 45-yo‘nalishda qatnovchi avtobusning oxirgi bekati oldida ham shunday holat kuzatilgani haqida xabar bergandik. Shuningdek, mazkur muammo yuzasidan «Zarafshon» gazetasining 29 yanvar 12-sonida «Kim qiladi-ya, shuginani-ya?» sarlavhali tanqidiy maqola chop etildi.
Ushbu tanqidiy maqolalar yuzasidan “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Samarqand shahar filiali tezkorlik bilan munosabat bildirdi. Jumladan, filial rahbari Javohir ZUGUROV yo‘llagan javobda shunday deyiladi:
- Zarnews.uz sayti orqali 28 yanvarda Samarqand shahridagi Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi, 29 yanvarda Sartepa mavzeidagi suv quvurlarida sodir etilgan avariya holatlari hamda bu borada «Zarafshon» gazetasida e’lon qilingan tanqidiy maqolada ko‘tarilgan masala yuzasidan filialimizda tezkor amaliy tadbir ishlab chiqildi. Natijada har ikki joyda sodir etilgan suv quvuridagi avariya holati bartaraf etildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi suv quvuridagi avariya holat anchadan beri mavjud. Uni tuzatish uchun bu yerda noqonuniy qurilgan avtobus bekatini buzishga to‘g‘ri kelar, bois bu ish ortga surilib kelayotgandi. Tezkor tadbir davomida Samarqand shahar hokimligi mutasaddilari ishtirokida suv quvuri ustiga qurilgan bekat buzilib, uning ostidagi avariya bartaraf etildi.
Ma’lumot o‘rnida: ushbu - “Nihol” restorani yonidan o‘tayotgan D-500 mm.li temir suv quvuri 1970 yillarda o‘tkazilgan bo‘lib, bugungi kunda quvur o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgan, bu esa avariya holatlari tez-tez sodir bo‘lmasligiga kafolat yo‘qligidan dalolat. Samarqand shahrining muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash Dasturi asosida Samarqand shahar aholisini uzluksiz ichimlik suv bilan sifatli ta’minotlash bo‘yicha Amir Temur ko‘chasidan Akmal Ikromov ko‘chasi bo‘ylab Ali Qushchi ko‘chasigacha D-500 mm.li ichimlik suv quvurini almashtirish taklifi kiritilgan. Ushbu dasturni amalga oshirish ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan. Tender o‘tkazilgach, 2019 yil fevral oyining oxirida ushbu ichimlik suv quvurini almashtirish ishlari boshlanadi. Bu esa suv tizimidagi yuqoridagi kabi kamchiliklarning oldini oladi.