Suv kamaymoqda, ichimlik suv va oqova xizmati ham qoniqarli emas

O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi va xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhi tomonidan ilk jamoatchilik eshituvi tashkil qilindi.

Tadbirda aholi va qishloq xo‘jalik korxonalarini suv bilan ta’minlovchi davlat tashkilotlari vakillarining hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, yildan-yilga global tus olayotgan suv masalasi O‘zbekiston uchun ham dolzarb muammolardan biri. Chunki suv resurslarining 80 foizi boshqa mamlakatlardan oqib keladi, bor-yo‘g‘i 20 foizi yurtimiz hududida hosil bo‘ladi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilgacha suv resurslari Sirdaryo havzasida 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda.

Shuning uchun suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilib, undan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratib kelinadi. Bu borada viloyatimizda irrigatsiya, melioratsiya ob’yektlarini qurish hamda ularni rekonstruksiya qilishga kirishilgan.

Xususan, joriy yilda 81,4 milliard so‘mlik irrigatsiya va melioratsiya ishlarini bajarish ko‘zda tutilgan.

Ushbu mablag‘ hisobiga 28,7 kilometr uzunlikdagi kanallarni rekonstruksiya qilish, 1,1 kilometr lotok tarmog‘i, 3 ta gidrotexnik inshoot, 1 ta nasos stansiyasi, 13,3 kilometr quvur, 2,7 kilometr damba, 1 ta suv ombori qurish ishlari, 10 kilometr kollektorni rekonstruksiya qilish va 9 kilometr yopiq-yotiq kollektor tarmog‘ini qurish ishlari bajariladi.

Bu ishlardan nima naf?

Qayd qilingan ishlar natijasida viloyatda 93 ming gektar yer maydonining suv ta’minoti yaxshilanishiga erishiladi.

Irrigatsiya yo‘nalishida amalga oshiriladigan ishlar keltiradigan manfaat shundangina iborat emas. Misol uchun, Qo‘shrabot tumani «Oqchopsoy» suv omborida suv taqsimlash va o‘zi oqar suv quvurlarini yotqizish orqali 1500 gektar yangi yer o‘zlashtiriladi. O‘z navbatida qo‘shimcha mahsulot, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Yoki Urgut tumanida qurilayotgan «Omondara» suv omborini olaylik. Loyiha qiymati 5 386,776 million so‘m bo‘lgan ob’yekt ishga tushgach, 350 gektar ekin maydonini suv bilan ta’minlaydi. Aytilishicha, bu suv faqat aholi tomorqalariga yetkazib beriladi.

Yig‘ilish davomida deputatlar «Bulung‘ur» suv omboriga e’tibor qaratishdi. Ma’lum bo‘lishicha, ob’yekt joylashgan tuman uchun 1 metr kub ham suv bermaydi. Bu o‘z yo‘liga, ammo u hudud infratuzilmasiga nechog‘lik zarar keltiryapti?

Mazkur savolga mutaxassislar tegishli tartibda asoslantirilgan javob qaytarishlarini bildirdi.

Melioratsiya nima bo‘lyapti?

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va yer osti sizot suvlari sathini me’yoriy chuqurlikda ushlab turishni ta’minlash maqsadida 14 ta loyiha bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, 2 ta loyiha bo‘yicha 14 kilometr uzunlikdagi kollektor-tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va qurish, 12 ta loyiha bo‘yicha 512,2 kilometr uzunlikdagi kollektor tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash tadbirlari boshlab yuborilgan.

Shu bilan birga, viloyatda 7 ta kanalni betonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Jamoatchilik eshituvi davomida ayni masalada qator muammolar kuzatilayotgani qayd etildi. Misol uchun, ayrim hududlarda kanal yoki kollektor muhofaza qismini aholi noqonuniy tarzda egallab olgan va ular tegishli tadbirlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda. Muammoni hal qilish ortiqcha tashvish va vaqt sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.

Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutasaddisining aytishicha, o‘tgan yili barcha kanal va kollektorlarning kadastr hujjatlari tayyorlangan. Demak, shu paytgacha kuzatilgan yuqoridagi muammo qonun yo‘li bilan hal etiladi. Ya’ni, o‘zan hamda muhofaza zonalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan kishilarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, aksariyat joylarda suv tarmoqlariga tutash qilib turli manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Ta’mirlash yoki rekonstruksiya jarayonida ularni kesish javobgarlikka olib keladi.

Ekologik partiya deputatlik guruhi rahbari bu borada ham ishni qonun doirasida tashkil etish yechim bo‘lishini qayd etdi. Unga ko‘ra, amalga oshiriladigan ish loyihasi tayyorlangach, ekologik ekspertizadan o‘tkazilishi kerak. Shunda daraxt qolishi yoki uni aylanib o‘tish borasida mutaxassislar xulosasi bo‘ladi.

Aqlli hisoblagichlar o‘rnatiladi

Ma’lumotlarga ko‘ra, suv xo‘jaligini raqamlashtirish va suv iste’moli hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Misol uchun, joriy yilda 571 dona «Aqlli suv» qurilmalari, 1 dona yirik gidrotexnik inshootni avtomatlashtirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Meliorativ ekspeditsiyasi tomonidan viloyatda mavjud 848 dona kuzatuv quduqlarida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati, sizot suvlari sathi va tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilish uchun «Dayver» qurilmalari bosqichma-bosqich sinovdan o‘tkazilmoqda. Jumladan, joriy yilda 66 ta «Dayver» qurilmasini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Jamoatchilik eshituvi chog‘ida bu kabi masalalarga e’tibor qaratilmadi. Aksincha, nima muammolaring bor, degan savol bot-bot o‘rtaga tashlandi. Mavjud vaziyatda «Aqlli suv» va «Dayver» qurilmalarini o‘rnatish asosiy masala bo‘lishi kerak emasmi?

Xususiy sheriklik yo‘lga qo‘yiladi

Sohada talay muammolar bilan birga yangi tashabbuslar ham bor. Misol uchun, Payariq tumani «Ming chuqur» nasos stansiyasi Xitoyning «ZHEJIANG TIANCI NEW ENERGY TECHNOLOG» kompaniyasiga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida topshirilgan.

Sekundiga 450 litr suv chiqarish quvvatiga ega nasos stansiyasi 380 gektar maydonga suv yetkazib beradi.

Ahamiyatlisi, qiymati 597,5 ming dollar bo‘lgan loyiha doirasida stansiya muqobil elektr energiya bilan ta’minlangan. Buning uchun hududdagi 31 sotix maydonda qo‘yilgan panellardan 3 fazali elektr ishlab chiqarishning hisobi olingan. 231 kVt/soat quvvatdan 160 kVt/soat energiya yangi qo‘yilgan agregatlardan bittasini yurgizishga yetadi. Qolgan elektr energiyasi aholi xonadonlariga yetkazib beriladi. Nasoslar ishlamayotgan paytda hududdagi aholi xonadonlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash hisobiga qo‘shimcha daromad keladi. «Ming chuqur» nasos stansiyasidagi bu tajriba viloyatning boshqa tumanlarida ommalashtirilishi ko‘zda tutilgan.

 Ichimlik suvchi?

Mutaxassislarga ko‘ra, aholi sonining o‘sishi hisobiga O‘zbekistonda 2030 yilga borib, suvga bo‘lgan talab 7 milliard kub metrga yetishi, 2050 yilga borib esa bu ko‘rsatkich ikki barobar ortishi mumkinligi aytiladi.

Shu jihatdan, sohada ishni yangicha tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Misol uchun, o‘tgan yili respublika miqyosida 1 milliondan ko‘proq aholi ilk marta markazlashgan ichimlik suvi bilan, asosiysi, 445 mingta abonent zamonaviy hisoblash uskunalari bilan ta’minlangan.

Nega endi, hisoblash uskunasi o‘rnatish asosiy masala? Chunki ishlab chiqarilayotgan suvning 30 foizi yo‘qotilyapti. Buning esa muayyan bir qismi hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida yuz bermoqda.

Viloyat suv ta’minoti korxonasi mutasaddisining ma’lum qilishicha, dastur doirasida amalga oshirilgan loyihalarda suv hisoblash uskunalari korxona tomonidan qo‘yiladi. Boshqa hollarda iste’molchining o‘z mablag‘idan o‘rnatilishi kerak. Biroq bitta uskunani o‘rnatish 1 million so‘mdan ko‘proqqa tushishini hisobga olib, aholi undan foydalanmaslikka qaror qilmoqda.

Bu borada Ekologik partiya deputatlik guruhi rahbari Farhod Ahrorov taklif kiritdi: Bu ishni viloyat bo‘yicha markazlashgan holda qilsa, to‘g‘ri emasmi? Deylik, qaysidir bank zarur miqdorda kredit ajratadi va barcha aholi xonadonlariga suv hisoblash uskunalari o‘rnatiladi. Har bir iste’molchiga sarflangan mablag‘ muayyan davr uchun bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Xulosa qanday?

Umuman, partiya faollari va deputatlik guruhi sohadagi ishlardan qoniqmadi. Bu faqat hisoblash uskunalari yoki irrigatsiya va melioratsiya tizimi mutasaddilarining javoblaridan emas. Misol uchun, viloyat bo‘yicha oqova suv tarmoqlari 30 foizga ham yetmaydi.

Ichimlik suv ta’minotida yangi tarmoq tortish faqat tashqi qarz hisobidan amalga oshirilishi mumkin. Nodavlat jamg‘armalar orqali amalga oshirilayotgan loyihalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan.

Shu kabi holatlarni hisobga olib, masalani xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasiga olib chiqish belgilab olindi.

Yoqubjon Marqayev.