Suvdan foydalanishda tejamkormisiz?

Xalqimiz orasida «Suv tuzadi ham, buzadi ham», degan gapni ko‘p eshitamiz. Keyingi kunlardagi yog‘ingarchilik oqibatida suv bilan bog‘liq hodisalarni kuzatar ekanmiz bu gapning haqiqat ekaniga shubha qilmaymiz. Ammo suvni jilovlash, uni suv o‘zanlari, kanallar, suv omborlariga yo‘naltirish, saqlash va albatta, tejab-tergab foydalanish bugunning talabi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Yevropa Ittifoqining Osiyo mintaqasidagi ekologiya markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda "Suvchi" jamoat birlashmasining Samarqand shahrida tashkil etgan seminar-treningi shu masalaga qaratildi.

Unda mamlakatimizda suv omborlari qurilishining ahamiyati, suvdan unumli foydalanish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qondirish, suvning bug‘lanish, ifloslanish va kamayib ketishining oldini olish, aholining suvga bo‘lgan munosabatini yaxshilash yuzasidan videolavhalar namoyish etildi, ko‘rgazmali chiqishlar qilindi.

- Vegetatsiya davridan tashqari besamar oqayotgan va sellar oqibatida hosil bo‘layotgan suvni bir joyga to‘plash va zarur paytda undan oqilona foydalanish maqsadida shu yilning o‘zida mamlakatimizda 14 ta suv ombori qurilishi boshlandi, - deydi «Suvchi» xalqaro birlashmasi ekologiya bo‘limi boshlig‘i Alimardon Xo‘jaqulov. – Shuningdek, suv sarfini keskin kamaytirish va tejash maqsadida o‘tgan yilning o‘zida 328 ming gektar maydonda tomchilatib, plyonka to‘shab va egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish texnologiyalari joriy etildi. Maqsad – tabiat ne’matidan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash.

Seminar-trening yakunida «Suv - mo‘’jiza», «Suvdan foydalanishda tejamkormisiz?», «Yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yaman» kabi mavzularda intellektual sinovlar o‘tkazildi.

Akram BO‘RIYEV.