Talabalar - mehribon

Ura! Yangi qaror qabul qilinarkan! Stipendiyalar tartibi avvalgidek belgilanadi!

Ancha vaqtdan beri, aniqrog‘i, stipendiyalar qiymati bir xil qilib belgilanganidan buyon biz kattalar talabalarning oldida ayb ish qilib qo‘ygandek, bo‘ynimiz egilib qolgandi. Bu mubolag‘a emas...

Axir 400 ming so‘mga yashab bo‘ladimi?..

Bu endi boshqa masala. Shuni o‘ylab hursand holda ketayotgan bo‘lsam kerak, “nega kulasiz” degan savol qulog‘imga chalindi. Lo‘li ayol menga gapirayotgan ekan. U SamVMI yaqinidagi yo‘lakda tirikchilik qiladi. Salomlashib o‘taman, ba’zida bir-ikki so‘m ilinaman.

- Shu sovuqda zaril kelibdimi sizga, yana o‘tirib olibsiz, zax o‘tadi, kasal bo‘lasiz, - deyman unga rahmim kelib.

- Jin ham urmayde manga, ertalabdan hursandsez?

- Ey, yaxshi yangilik, stipendiyalar oshyapti. Sizning ham rizqingiz ko‘payadigan bo‘ldi, - dedim.

- Ohay, yaxsheku! Ilohem!..

Ishga dastlab kelgan paytlarimda unga hayron qolardim. “Bu hududdan asosan talabalar o‘tadi, nega bu yerda o‘tirasiz, gavjumroq joyga borsangiz bo‘lmaydimi”, degan antiqa savollarimga u antiqa javob bergandi:

- Birinchedan, uyem yaqin. Ikkinchedan, boshqa joylarning egase bor. Uchinchedan, bu talabalar mehrebon, ularga o‘rganeb qolganman.

Bu ayol goh-gohida paydo bo‘lib qoladi, har doim emas. Juda kamtar, millatdoshlaridan farqli ravishda kamsuqum, hech kimga tirg‘almaydi, qo‘l ham cho‘zmaydi. Esimda, universitetni endi bitirib, Toshkentda “Internyus” (jurnalistlarni qayta tayyorlaydigan tashkilot)da ish o‘rganayotgan paytimizda, arman millatiga mansub dugonam, hamkasbim  Gayane bilan “Skver”da lo‘lilarning “qaqshatqich” hujumiga uchragandik. Ayollar egnimizga pul bermaganimiz uchun nos tuflab yuborishgandi...

Bu ayol esa ko‘rinishidan lo‘liga o‘xshamaydi, yuz-ko‘zi har doim yopiq (boshida bironta sekta a’zosimikan, deb havotirlangandim) 3 farzandini yolg‘iz o‘zi katta qilayotgan ekan.

Xullas, lo‘li ayol talabalar stipendiyasi oshayotganini eshitib, mendan-da xursand bo‘lib ketdi:

- Juda ajoyeb ish bo‘libde!

Gulchehra BERDIYoROVA.